O‘zbekistonda 2-10 yoshli bolalar ichak gelmintiozidan ommaviy davolanadi
Jamiyat
−
03 Oktabr 2023 5690 1 daqiqa
Oktyabr-noyabr oylarida O‘zbekistonda 2-10 yoshli bolalarni ichak gelmintiozidan ommaviy davolashning navbatdagi bosqichi o‘tkaziladi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, degelmintizatsiya tadbirlari Prezident qarori ijrosini ta’minlash hamda bolalarni gelmintozlardan sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari samarasini o‘rganish maqsadida amalga oshiriladi.
Sentyabr oyida SES ko‘rsatma xati asosida mamlakatning barcha hududlarida bolalar bog‘chalari va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ichak gelmintiozi bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan. Ushbu chora-tadbirlar samaradorligini baholash maqsadida degelmintizatsiya tadbirlaridan ikki haftadan so‘ng maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va 1-4 sinf o‘quvchilari orasida laboratoriya tekshiruvlari qayta amalga oshiriladi, ya’ni degelmintizatsiyadan oldin va keyin bolalarda ichak gelmintozlari bilan kasallanish darajasi o‘rganiladi.
“O‘tgan yillarda o‘tkazilgan bunday tadqiqotlar o‘z samarasini ko‘rsatdi, ya’ni gelmentlar bilan kasallanish 3-4 martaga kamaydi”, deyiladi ushbu xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, Gelmintoz — bu inson tanasida, asosan bolalarda gelmintlarning (qurtlarning) parazitlanishi oqibatida kelib chiqadigan kasallik.
Ommaviy degelmintizatsiya maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda yiliga ikki marta amalga oshiriladi.
Akobir Sayidov
Live
Barchasi