Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
Jamiyat
−
02 dekabr 2025 7002 2 daqiqa
Ulug‘bek Mavlonovich Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Bugun, 2 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida uning nomzodi deputatlar tomonidan tasdiqlandi.
Qayd etilishicha, Prezident Jizzax viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Ulug‘bek Mustafoyev nomzodini ilgari surgan. Xalq deputatlari va viloyat faollari nomzod haqidagi fikrlarini bildirgan. Shundan so‘ng viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yilgan.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi etib tasdiqlangan.
Davlat rahbari yangi hokim bildirilgan ishonchni oqlab, keyingi yilda viloyatga 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 175 ming odamni ishli qilish, 15 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish borasida qattiq ishlashi kerakligini ko‘rsatib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Ulug‘bek Mavlonovich Mustafoyev 1968 yil 14 avgustda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Toshkent xalq xo‘jaligi institutini bitirgan. “Sanoatqurilishbank”ning Jizzax viloyat filialida kichik, keyinchalik katta mutaxassis sifatida ishladi. Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining operatsion boshqaruvi katta iqtisodchisi va pul muomalasi bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Keyin 2016 yilgacha Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2016 yilda Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, 2017 yilda “O‘zbekenergo” AJ boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangan. U“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati raisi lavozimida ham ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili dekabr oyida Jizzax viloyati hokimi Ergash Alibekovich Saliyev lavozimidan ozod etilib, Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangandi.
Live
Barchasi