Ular Instagram'dan qancha “soqqa” qiladi?

Sport

Hozirgi vaqtda sport bu shunchaki, kuch, tezlik, epchillik, iroda, aql va boshqa xislatlar ustiga qurilgan soha emas. Hozirda sport  yaxshigina biznes va mashhurlik cho‘qqisini zabt etish uchun asosiy yo‘nalishlardan biridir. Agar siz yaxshi sportchi bo‘lsangiz va shu orqali ijtimoiy tarmoqlarda ancha-muncha inson kuzatsa, aniqki tarmoqdan topadigan daromadingiz ham yaxshi bo‘ladi. Kichik va katta turdagi brendlar o‘z mahsulotini ommalashtirish, bir so‘z bilan aytganda bozorini chaqqon qilish uchun ko‘p va faol kuzatuvchiga ega bo‘lgan sport yulduziga reklama berishi tabiiy hol.

Bugun QALAMPIR.UZ o‘zbekistonlik sport yulduzlarining Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi reklamalari necha pul ekanligini ochiqlaydi. Mashhur o‘zbek sportchilarining Instagram story va lentasiga reklama berish narxi necha pulni tashkil etadi? Bugun shu savolga javob topamiz.

Keling avvalo qaysi o‘zbekistonlik sportchilarning Instagram'dagi obunachilari soni ko‘pligini aniqlab olsak. Dastlab profbokschi Shahram G‘iyosovning sahifasi e’tiborni tortdi. G‘iyosov Instagram'da salkam 3 million obunachiga ega. Videolari ham yaxshigina ko‘riladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Shahram G‘iyosov Instagram lentasiga bir martalik reklama olmaydi. U asosan uzoq yillik hamkorlik shartnomalari asosida sahifasini yuritadi. G‘iyosovning bir martalik storisi narxi esa ming dollardan 1,5 ming dollargacha bo‘lgan summani tashkil etadi.

O‘zbekistonlik yana bir trenddagi sportchi bu Olimpiada chempioni Bahodir Jalolovdir. Uning obunachilari 1,5 milliondan ortiq. So‘nggi vaqtlarda videolarining ko‘rilish miqdori milliondan kam emas. Bunga esa Jalolovni ko‘proq mashhurlar davrasida yurgani va super nokautlari sabab bo‘lmoqda.

Olimpiada chempioning Instagram'dagi storisi narxi 3 ming AQSH dollari, lentadagi reklamasi esa  5 ming dollar turadi. Narxlar Bahodir Jalolovning o‘zi reklamada bevosita ishtirok etishi yoki etmasligiga qarab o‘zgarishi mumkin.

Navbatdagi qahramon futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi yetakchisi va Gretsiyaning “Panserraikos” klubi a’zosi Jaloliddin Masharipovdir. Masharipov “Panserraikos”ga o‘tishidan avval Saudiyaning “Al-Nasr” klubida to‘p tepardi. “Al-Nasr” esa joriy yil boshida dunyo yulduzi Krishtianu Ronalduni o‘z safiga qo‘shib oldi. Tabiiyki, bundan so‘ng Masharipovning Ronaldu bilan tushgan rasmlari Instagram'da katta auditoriyaning qiziqishni uyg‘otdi. Krishtianuning jamoadoshi degan maqom Masharipovning Instagram'iga ko‘plab kuzatuvchilar va faollikni olib keldi. Hozirga kelib 30 yoshli yarim himoyachining "follower"lari soni 800 mingga yaqinlashib qolgan.

Masharipovning storisiga reklama berish narxi taxminan ming dollarni tashkil qiladi, lenta narxi esa 2 ming dollarga baholanmoqda.
UFC'da faoliyat olib borayotgan 2 nafar O‘zbekiston vakili Mahmud Murodov va Nursulton Ro‘ziboyev ham Instagram'iga qanchaga reklama olishi barchaga birdek qiziq bo‘lsa kerak.

Murodovning obunachilari soni 2 milliondan oshgan, Ro‘ziboyev esa salkam 1,5 millionta obunachiga ega.

Reklama narxlariga kelsak: agar siz Mahmud Murodovning storisiga reklama bermoqchi bo‘lsangiz ming dollardan, 1,5 ming dollargacha to‘lashingiz kerak. Murodovning lentasiga reklama berish narxi esa 2 ming dollardan boshlanadi.

Ro‘ziboyevda ham taxminan shuncha – story narxi ming,  post narxi esa 2 ming dollarni tashkil etadi.

Agar sportchilar o‘zi bevosita sizning reklamangiz uchun suratga tushsa, yuqorida keltirilgan narxlar anchagina o‘sadi.

Aytish mumkinki, narxlar arzon emas. Shu o‘rinda sizga savol: o‘z mahsulotingizni yoki brendingizni yuqoridagi narxga reklama qildirgan bo‘larmidingiz?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing