Uchinchi jahon urushi allaqachon boshlangan bo‘lishi mumkin – Vuchich
Olam
−
22 mart 5414 2 daqiqa
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Uchinchi jahon urushi, ehtimol, allaqachon boshlanganini va global mojaroning oldini olish nihoyatda qiyin bo‘lishini aytdi. Bu haqda u “Berliner Zeitung” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Neft, gaz, foydali qazilmalar, nodir metallar va boshqa xomashyolar uchun kurash anchadan beri davom etmoqda. Agar Birinchi va Ikkinchi jahon urushlariga nazar tashlasangiz, ikkalasi ham mintaqaviy mojarolardan boshlanganini ko‘rasiz. Faqat keyinroq yirikroq harbiy va siyosiy ittifoqlar shakllanib, yakunda to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnash kelgan. Bugun biz shunga o‘xshash narsani kuzatmoqdamiz”, deydi u.
Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, eskalatsiyadan (vaziyat keskinlashuvidan), ehtimol, hali qochish mumkin, biroq u bunga olib boruvchi oddiy yo‘lni ko‘rmayapti, chunki “yirik davlatlarning manfaatlari shunchalik xilma-xil va ahamiyatliki, hech kim shunchaki chekinishni xohlamaydi”. Shuningdek, u Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlar deyarli muqarrar ravishda yangi mojarolarga olib kelishi haqida fikr bildirgan. Serbiya Prezidentining baholashicha, Eronning Qo‘shma Shtatlarga ko‘rsatayotgan qarshiligi, katta yo‘qotishlarga qaramay, “boshqa davlatlarga signal yubormoqda” va ularga “qog‘ozda ancha kuchliroq ko‘ringan” davlatlarga ham qarshilik ko‘rsatish mumkinligini isbotlamoqda.
Ukraina mojarosiga to‘xtalar ekan, Vuchich uning yakuni ham “hali ko‘rinmayotganini” aytgan. Uning fikricha, Rossiya, ehtimol, bu urushda g‘alaba qozonolmaydi, lekin mag‘lub bo‘lishi ham dargumon, chunki “yadro quroliga ega davlatni harbiy yo‘l bilan yengib bo‘lmaydi”.
Serbiya Prezidentining ushbu bayonotlari uning mamlakat uchun ortib borayotgan xavflar haqidagi so‘nggi ogohlantirishlari fonida yangradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 mart kuni Vuchich Xorvatiya, Albaniya va Kosovo Respublikasi Serbiyaga hujum tayyorlayotganini aytgan edi. U o‘z da’volarini 2025 yil mart oyida Tiranada imzolangan mudofaa sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi uch tomonlama deklaratsiyaga tayanib asoslagan. Serbiya Prezidentining baholashicha, Xorvatiya, Albaniya va Kosovo Rossiya hamda Yevropa o‘rtasidagi mojaroning kuchayishini va Yaqin Sharqda kattaroq urush boshlanishini kutib, zarba berish uchun qulay fursat izlamoqda.
7 mart kuni milliy rivojlanish strategiyasini taqdim etar ekan, Vuchich dunyoda yangi va jiddiyroq harbiy mojarolar muqarrarligidan ogohlantirgan. 2025 yil oktyabr oyida u “hamma urushga tayyorgarlik ko‘rayotganini va masala faqat kim qaysi tomonda ekanida” deb ta’kidlagan. Shu bilan birga, u Serbiya NATO bilan yaxshi munosabatlarni saqlab turganini, biroq harbiy betaraflik siyosatiga sodiq qolishini bildirgan.
Live
Barchasi