Turkiyada kompyuter o‘yinidan “ilhomlangan” yigit besh odamni pichoqladi (video)
Olam
−
13 avgust 2024 6210 2 daqiqa
Turkiyaning shimoli-g‘arbidagi Eskishehir shahrida joylashgan masjidlardan birining oldida bronejilet va dubulg‘a kiygan niqobli yigit bir necha kishini pichoqladi. Bu haqda “Eskisehir Durum” xabar berdi.
Gumonlanuvchi 18 yoshda bo‘lib, dubulg‘a va o‘q o‘tkazmaydigan jilet kiygan holda 5 kishini pichoqlagan. Masjid oldida sodir etilgan hodisa oqibatida jabrlanuvchilarning barchasi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yuborilgan. Ba’zi ommaviy axborot vositalari hujum oqibatida 7 kishi jarohatlanganini yozmoqda.
“Odamlarga hujum qilgan yigit kompyuter o‘yinidagi qahramonga o‘xshab o‘q o‘tkazmaydigan jilet va dubulg‘a kiygan, yuzi niqob bilan o‘ralgan edi”, deya yozgan nashr.
X ijtimoiy tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilgan ushbu voqea sababchisi politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Yigit o‘z harakatining sabablarini ochiqlamagan, lekin u o‘ziga jangovar o‘yinlar ta’sir qilganini aytgan.
Eskishehir rasmiylariga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Hujum oqibatida jabrlangan fuqarolarimizga tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz”, deyilgan shahar ma’muriyatining bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili jazoirlik 17 yoshli o‘smir politsiya tomonidan otib tashlanganidan so‘ng Fransiyada tartibsizliklar boshlangan va Prezident Emmanuel Makron bunda videoo‘yinlarni ayblagandi. Makron namoyishlarda qatnashganlarning uchdan bir qismi voyaga yetmaganlar ekani hamda ular bunda kompyuter o‘yinlaridan “ilhomlanayotganini” aytgandi.
Live
Barchasi