Tungi klubda fuqaroni urib, komaga tushirib qo‘ygan erkakka sud hukmi o‘qildi (video)

Olam

image

Avvalroq, Toshkent shahridagi tungi klub oldida janjal chiqib, odamlarni ajratishga harakat qilgan fuqaro kaltak yeyishi oqibatida bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu fuqaroni urgan erkak ishi bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, u 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 24 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida 1995 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan A.Sh. ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlangan.

Sudning hukmiga ko‘ra A. Sh. Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

A.Sh.ga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilangan.

Bildirilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.

Eslatib o‘tamiz, ushbu voqea joriy yilning 16 mart kuni sodir bo‘lgandi. Kechki soat 02:30 larda Yakkasaroy tumanida joylashgan restoranlardan birida mijoz sifatida kelgan 1995 yilda tug‘ilgan A.Sh. o‘zining tanishi 1985 yilda tug‘ilgan X.A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan nizo sababli o‘zaro janjallashgan. 1990 yilda tug‘ilgan B.A. ularni ajratishga harakat qilgan vaqtida A.Sh. uni urib tan jarohati yetkazgan.


Maqola muallifi

Teglar

janjal Tungi klub

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing