Tramp Pentagonni Urush vazirligi deb qayta nomlamoqchi
Olam
−
05 Sentabr 3480 2 daqiqa
Bugun, 5 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Pentagonga “Urush vazirligi” deb nom berish haqidagi farmonni imzolashi mumkin. Bu haqda Oq uydagi anonim manbaga tayanib, “Fox News” telekanali xabar berdi.
Oq uyning axborot byulleteniga ko‘ra, farmonda Mudofaa vazirligi uchun qo‘shimcha nom sifatida “Urush vazirligi”dan foydalanish belgilangan. Shuningdek, telekanalning xabar berishicha, Mudofaa vaziri Pit Hegset uchun “urush vaziri” atamasi qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.
Farmon, shuningdek, Hegsetga vazirlik nomini doimiy ravishda “AQSH Urush vazirligi” qilib mustahkamlash uchun ham qonunchilik, ham ijroiya choralarini taklif qilishni topshiradi.
Qayd etish joiz, joriy yilning iyun oyidayoq Tramp AQSH Mudofaa vaziri lavozimini “Urush vaziri” deb qayta nomlash ehtimolini tilga olgan.
“Aslida, agar Oq uy yonidagi eski binoga qarasangiz, u yerda avval “Urush vaziri” deb yozilganini ko‘rasiz. Keyin biz siyosiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lishi uchun uni Mudofaa vaziri deb atadik. Bilmayman, balki bu masalani qaytadan ko‘rib chiqishimiz kerakdir”, degan o‘shanda Tramp.
“Fox News”ning qayd etishicha, yakuniy tasdiq uchun farmonga Kongressning aralashuvi kerak bo‘ladimi, yo‘qmi, hozircha noma’lum. Chunki Federal ijroiya departamentlarini tashkil etish huquqi Kongressga tegishli.
Ma’lumot uchun, AQSH o‘zining harbiy idorasi uchun “Urush vazirligi” nomidan 1949 yilgacha foydalangan, keyinchalik u 1947 yilgi Milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida Mudofaa vazirligi deb qayta nomlangan.