Tramp Netanyaxuga Eronning energetika ob’ektlariga hujum qilmaslikni buyurdi
Olam
−
19 mart 5925 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga Eronning energetika ob’ektlariga hujum qilmaslik haqida ko‘rsatma berganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 19 mart kuni Oval kabinetda Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi bilan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi.
“Men unga buni qilma, dedim va u buni qilmaydi”, deydi Tramp.
Amerika yetakchisi AQSH va Isroil “mustaqil” ekanini, ammo “bir-biri bilan juda yaxshi kelishishini” qo‘shimcha qilgan.
“Hamma narsa muvofiqlashtirilgan. Lekin ba’zida u nimadir qiladi va agar bu menga yoqmasa, biz boshqa bunday qilmaymiz”, deydi u.
Bundan tashqari, Tramp neft narxlari haqida ham fikr bildirib, narxlarning yanada ko‘proq ko‘tarilishini kutganini aytgan.
“To‘g‘risini aytsam, hammasi ancha yomon bo‘lishi mumkin deb o‘ylagandim. Lekin ahvol unchalik yomon emas va yaqin orada hammasi tugaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
U, shuningdek, Erondagi harbiy harakatlar borasida Yaponiyadan olayotgan qo‘llab-quvvatlash darajasidan mamnunligini bildirib, NATOdan bunday munosabatni kutib, ololmaganini aytgan.
“Biz hamma narsada ulkan qo‘llab-quvvatlovga egamiz va Yaponiya bilan yaxshi munosabatdamiz. Kecha va o‘tgan kuni Yaponiya bo‘yicha berilgan bayonotlarga qaraganda, NATOdan farqli o‘laroq ular haqiqatan ham bor kuchlarini ishga solishmoqda.”, deydi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va bir qator boshqa davlatlarga Hormuz bo‘g‘oziga harbiy-dengiz kuchlarini yuborish taklifi bilan chiqqan edi. Biroq Germaniya va Fransiya Trampning bu iltimosini bajarishdan bosh tortdi. Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat mahkamasining yuqori martabali vakili Kaya Kallas YeI davlatlari Hormuz bo‘g‘ozidagi operatsiya uchun o‘z flotini taqdim etishga tayyor emasligini ta’kidladi.
Buning ortidan Donald Tramp NATO davlatlarini Eronga qarshi urushda ishtirok etishni istamayotgani uchun tanqid qildi.
AQSH va Isroil 28 fevraldan boshlab Eron hududida joylashgan ob’ektlarga zarba berishni boshladi. Bunga javoban Eron Isroil hududiga, shuningdek, Yaqin Sharq mintaqasidagi Amerika harbiy ob’ektlariga zarbalar bermoqda.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust