Tramp Eronga zarba bermaslik qarorini mustaqil qabul qilganini aytdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga zarba bermaslik haqidagi qarorni mustaqil ravishda qabul qilganini aytdi. Bu haqda u kecha, 16 yanvar kuni jurnalistlar bilan suhbatda gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada uni hech kim ko‘ndirmagan.

“Meni hech kim ishontirgani yo‘q. Men o‘zimni o‘zim ishontirdim”, deydi u jurnalistlarga.

Tramp bu qarorga Tehron tomonidan namoyishchilarga nisbatan o‘lim jazolarining bekor qilingani “katta ta’sir ko‘rsatganini” ma’lum qilgan.

“Ular osib o‘ldirish orqali amalga oshirilishi belgilangan 800 dan ortiq qatlni rejalashtirgan edi. Hech kimni qatl etishmadi. Ular jazolarni bekor qilishdi”, deydi Tramp.

Biroq “Reuters”ning yozishicha, Eron rasmiylari bu ma’lumotni tasdiqlamagan.

Bungacha esa Tramp AQSH harbiy harakatlar bo‘yicha qaror qabul qilishdan oldin Eronni kuzatishda davom etishini bildirgan. Saudiya Arabistoni, Qatar va Ummon esa mintaqada beqarorlik yuzaga kelishidan xavotir olib, AQSH Prezidentini Eronga hujum qilmaslikka ko‘ndirishga muvaffaq bo‘lgani.

Manbalarga ko‘ra, tinchlikka haqidagi bayonotlarga qaramasdan, AQSH ma’muriyati harbiy tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Xususan, “Fox News” telekanali manbalariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar qo‘shimcha harbiy imkoniyatlar yaratish maqsadida kamida bitta aviatsiya tashuvchi kemani Yaqin Sharq tomon yo‘naltirmoqda. Shuningdek, mintaqada quruqlik va havo kuchlarini, shuningdek, raketaga qarshi mudofaa tizimlarini kuchaytirish rejalari mavjud. Suhbatdoshlardan biri zarba berilgan taqdirda operatsiya “avvalgidan ham keskinroq va agressivroq bo‘lishi”ni aytgan.

“Axios” nashri manbalariga tayanib yozishicha, Tramp zarba berish bo‘yicha qarorni kechiktirgan, biroq harbiy variant kun tartibidan olib tashlanmagan. Oq uyda ittifoqchilar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgan. Isroil tomoni cheklangan zarbalarning samaradorligiga shubha bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Donald Trampdan Eronga qarshi harbiy zarbalarni vaqtincha kechiktirishni so‘ragani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing