Toshkentda ichki kiyimlar do‘konidagi reklama bannerini tanqid qilgan yigit jarimaga tortildi
Jamiyat
−
19 fevral 2023
30447Toshkent shahri “Buyuk Ipak yo‘li” metro bekati atrofida joylashgan ichki kiyimlar savdo do‘konidagi reklama bannerini tanqid qilgan fuqaro jarimaga tortildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro Sh.A. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Buyuk Ipak yo‘li” metro bekati atrofida joylashgan savdo do‘konlaridan birining reklama bannerlarini tanqid qilgan.
Uning munosabatidan keyin mutasaddi rahbarlar reklama mahsulotlarini olib tashlagan. Shundan so‘ng, holat bo‘yicha jamoatchilik keskin fikrlar bildirgan. Hozirda reklama mahsulotlari joyiga qaytarilgan.
Holatni o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan suhbat davomida fuqaro yuqorida keltirilgan do‘kondagi reklama bannerlariga nisbatan munosabatini o‘zining diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Sh.A. turli diniy mavzudagi materiallarni amaldagi qonunchilikka zid ravishda ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali tarqatib kelayotgani aniqlandi.
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunga asosan o‘tkazilgan profilaktik suhbat davomida mazkur fuqaroga qonunchilik hujjatlari talablari tushuntirib o‘tildi.
Xususan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasida tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari huquqlarining kafolatlari belgilangan. Jumladan, tadbirkorlik sub’ekti mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishiga ko‘ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
Qayd etilishicha, mazkur qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati sub’ekti o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday ma’lumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini va ma’naviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.
“Turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o‘zlarining shaxsiy diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko‘rinishda aralashishi mumkin emas. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning harakati qonun asosida qat’iy ta’qib qilinadi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan, fuqaro Sh.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-2-moddasiga (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
LiveBarchasi