“Tolibon” Mirziyoyevning “Asr loyihasi”ni tezroq amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi
Jamiyat
−
30 noyabr 2021 10374 3 daqiqa
Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va Mozori Sharif-Qobul-Peshovar temir yo‘li qurilishi kabi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni imkon qadar tezroq boshlashga tayyorligini tasdiqladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Qobul shahriga tashrif buyurib, Afg‘oniston Muvaqqat hukumati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
Xususan, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati, Tashqi va Ichki ishlar, Jamoatchilik, Energetika va Iqtisodiyot vazirliklarida muzokaralar olib borilgan. Mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik va boshqa yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlar, energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.
Afg‘oniston Muvaqqat hukumat vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ushbu sinovli damlarda afg‘on xalqini faol qo‘llab-quvvatlayotgani, mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishiga ko‘rsatayotgan yordami, yangi hukumat tomonidan afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qaratilgan sa’y-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.
O‘zbekiston tomonidan elektr energiyasini uzluksiz yetkazish, O‘zbekiston-Afg‘oniston davlat chegarasi ish tartibini davom ettirish, Mozori Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklashga ko‘maklashish, insonparvarlik yordamini o‘z vaqtida ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berilgan.
Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘li qurilishi kabi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni imkon qadar tezroq boshlashga tayyorligini tasdiqlagan. Bu loyihalar mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga bosqichma-bosqich jalb etishning asosiy omiliga aylangan integratsiya va o‘zaro bog‘liqlikka xizmat qiladi.
“Afg‘oniston vakillari O‘zbekiston tomonini O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga, umuman, butun dunyoga zarracha tahdid ham hech qachon ushbu davlat hududidan kelmasligiga ishontirdi”, deyiladi TIV xabarida.
Afg‘onistonning yangi hukumati O‘zbekiston bilan birgalikda ikki mamlakat xalqlarining buyuk ajdodlari – Alisher Navoiy (Hirot), Zahiriddin Bobur (Qobul), Abu Rayhon Beruniy (G‘azna) va Boborahim Mashrab (Tahor) qo‘nim topgan maskanlarda obodonlashtirish ishlarini olib borishga tayyorligini bildirgan. Mamlakat maktablari va oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Afg‘oniston tomoni mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida O‘zbekiston bilan birodarlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishini bundan keyin ham davom ettirishga qat’iy ekanini tasdiqlagan.
Foto: Prezident Surxondaryoda
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurib, dengizga chiqishni reja qilgan. Bu uchun bir necha yirik loyihalar ham tayyorlangan. Joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli yirik xalqaro anjuman aynan ushbu loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning iyun oyida Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifida O‘zbekistonni dengizga olib chiqishi mumkin bo‘lgan “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yo‘li qurilishini yuqori baholab, uni “asr loyihasi”, deb atagan edi. Ushbu temir yo‘l liniyasi aynan Surxondaryo viloyatining ma’muriy markazi Termizdan boshlanadi.
Tasavvur qiling, bitta o‘zbek konteynerini Eron yoki Pokiston orqali tashish 3–4 baravar arzonlashadi, vaqt 4–5 baravar qisqaradi... Eksport qilish uchun yo‘l kerak. Yo‘l qisqa va arzon bo‘lganida, barqaror iqtisodiy rivojlanish ta’minlanadi, bu tadbirkorlarga foyda olib keladi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etish kerakki, Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurishda aynan O‘zbekistonning imkoniyatlari boshqa davlatlarga qaraganda ko‘proq. Chunki Surxondaryo viloyati bilan chegaradosh hisoblangan Afg‘onistonning Balx viloyati kerakli infratuzilmaga ega.
Live
Barchasi