Su-57 qiruvchi samolyoti kuchlar muvozanatini o‘zgartiradi – MWM
Olam
−
10 fevral 7135 2 daqiqa
Rossiyaning beshinchi avlod qiruvchi samolyoti Su-57 Yaqin Sharq mamlakatlariga yetkazib berilsa, mintaqadagi harbiy kuchlar muvozanati tubdan o‘zgarishi mumkin. Bu haqda “Military Watch Magazine” (MWM) xabar berdi.
Nashrda keltirilishicha, Rossiya Su-57 samolyotlarini yirik partiyada sotishi Yaqin Sharq osmonidagi ustunlik masalasini qayta shakllantiradi. Hozircha mintaqada beshinchi avlod qiruvchilaridan faqat Isroil foydalanmoqda.
Harbiy tahlilchilarning aytishicha, Rossiyaning yangi qiruvchisi Yaqin Sharqda havo ustunligini ta’minlash salohiyatiga ega. Sababi, Isroil tasarrufidagi F-35 qiruvchilari hali yuqori intensivlikdagi jangovar harakatlarga to‘liq tayyor emas.
Bungacha Rossiya sanoat va savdo vaziri Anton Alixonov Yaqin Sharq davlatlari Su-57Ye eksport versiyasiga jiddiy qiziqish bildirayotganini ma’lum qilgan. “Rosoboroneksport” rahbari Aleksandr Mixeyev esa kompaniya buyurtmalar portfelida ushbu samolyotlarni yetkazib berish bo‘yicha bir nechta shartnomalar mavjudligini va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasi muhokama qilinayotganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Su-57Ye – “Suxoy” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Rossiyaning ko‘p maqsadli beshinchi avlod qiruvchisi. Samolyot havo, quruqlik va dengiz nishonlariga zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lib, supersonik kruiz tezligi, ichki qurollanish tizimi, radioto‘lqinlarni yutuvchi qoplama va zamonaviy bort uskunalari bilan jihozlangan. U ilk bor Aero India-2025 ko‘rgazmasida namoyish etilgan va katta qiziqish uyg‘otgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston Rossiyaning Su-57 qiruvchi samolyotlari va S-500 raketaga qarshi mudofaa tizimlarini sotib olishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Farangiz Sunnatova
Live
Barchasi