Soxta obodonlashtirish xodimlari. Ko‘cha boshidagi firibgarlik

Tahlil

So‘nggi paytlarda jamiyatda firibgarlikning turli, hatto ilgari uchramagan ko‘rinishlari ko‘payib bormoqda. Ana shunday holatlardan biri – o‘zini obodonlashtirish xodimi sifatida tanishtirib, maxsus kiyimda ko‘chalarda yurib, fuqarolardan pul so‘rayotgan shaxslarning paydo bo‘lishidir.

Bunday “xodimlar” ko‘cha yoqalarida turib, o‘tgan-ketganlardan “tushlikka”, “ovqatga” yoki boshqa bahonalar bilan pul so‘rashadi. Eng xavotirli jihati shundaki, ular tashqi ko‘rinishda haqiqiy obodonlashtirish xodimlaridan deyarli farq qilmaydi. Shu sabab ko‘plab fuqarolar ularni asl xodim deb o‘ylab, pul berib yuborayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Ammo bir muhim jihat bor: haqiqiy obodonlashtirish xodimlari hech qachon ko‘cha boshida turib odamlardan pul so‘ramaydi.

Jurnalistik kuzatuv davomida ana shunday shaxslar bilan muloqot qilishga harakat qildik. Ular o‘zlarini obodonlashtirish tizimi xodimi sifatida tanishtirdi, biroq qayerda ishlashi, rahbari kimligi yoki ish tartibi haqida aniq javob bera olmadi. Aksincha, savollardan qochishga urindi. Bu esa ularning faoliyati shubhali ekanini yanada kuchaytiradi.

Mazkur holat yuzasidan mutasaddilar bilan bog‘langanimizda rasmiy izoh berildi. Unda aytilishicha, ayrim shaxslar o‘z manfaatini ko‘zlab, obodonlashtirish xodimlari nomidan foydalanib, fuqarolardan pul undirishga urinmoqda. Ta’kidlanishicha, bu kabi shaxslar tizimga mutlaqo aloqador emas. Shuningdek, haqiqiy obodonlashtirish xodimlarining maxsus kiyimlari o‘ziga xos belgilar bilan ajralib turadi.

“Hozirgi kunda shahrimizning ayrim hududlarida qo‘shtirnoq ichidagi shaxslar odamlardan o‘z manfaatini ko‘zlagan holda tilamchilik yo‘li bilan pul undirish holatlariga duch kelmoqdamiz. Eng achinarlisi, bunday shaxslar o‘zlarini go‘yoki obodonlashtirish boshqarmasi xodimi sifatida tanishtirib kelgan. Shu bilan birgalikda, fuqarolarimizdan ularning ustidagi maxsus kiyim-bosh obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli degan fikr uyg‘otmoqda. Aksincha, obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli maxsus kiyim-boshlarning o‘ziga xos belgi va o‘z logotiplari bilan jihozlangan bo‘lishini eslatib o‘tmoqchiman. Misol uchun, har bir tuman obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli maxsus kiyim boshlarini orqa qismida tuman obodonlashtirish boshqarmasi nomi yozilgan bo‘ladi va har bir kiyimda xavfsizlik jihatidan nur qaytaruvchi maxsus chiziqlar bo‘ladi. Fuqarolarimizdan bunday shaxslar obodonlashtirish boshqarmasi xodimi degan fikrga kelmasliklarini iltimos qilib qolardik, garchi obodonlashtirish tizimida bunday xodimlar ishlamaydi, balki ular yurtimiz, shahrimiz ozodaligi posbonlaridir”, dedi Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi mutaxassisi Abduhamid Mahmudov.

Uzoq yillardan buyon ushbu sohada faoliyat yuritib kelayotgan xodimlar ham bu holatlardan norozi ekanini bildirmoqda. Ularning aytishicha, haqiqiy xodimlar kun bo‘yi ko‘chalarni tozalash, obodonlashtirish bilan band bo‘ladi va odamlardan pul so‘rashga na vaqti, na ehtiyoji bor.

Ba’zilari hatto bunday firibgarlarni ko‘rib ularni ogohlantirishga uringanini, biroq ular qochib ketganini ham aytadi. Eng achinarlisi, bu kabi holatlar haqiqiy mehnatkashlarning obro‘siga putur yetkazmoqda.

So‘rovlar davomida fuqarolar fikri ham turlicha bo‘ldi. Kimdir ularni haqiqiy xodim deb o‘ylab pul berganini tan olsa, boshqalar bunday holatlarga shubha bilan qarashini aytadi.

Ayrimlar esa bu holat shaharga kelgan mehmonlar, xususan, xorijiy turistlar oldida noqulay tasavvur uyg‘otishini ta’kidladi. Ular “Toshkentda tilanchilar ko‘p ekan”, degan fikrlar aynan shunday vaziyatlar tufayli shakllanishi mumkinligidan xavotirda.

Masala oddiy emas. Bugun bu – obodonlashtirish xodimi nomidan foydalanayotgan firibgarlar. Ertaga esa boshqa soha vakillari nomidan ham shunday noqonuniy holatlar yuzaga kelishi mumkin. Agar kimdir maxsus kiyimda bo‘lsa ham bu uning haqiqatda shu tizim xodimi ekanini anglatmaydi. 

Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing