Sobiq deputat kriminal to‘daga aloqadorlikda gumonlanib qamoqqa olindi

Olam

image
0:00
0:00
download
Qirg‘iziston parlamentining sobiq deputati Duyshon To‘raqulov uyushgan jinoiy guruhda faoliyat olib borganlikda gumon qilinib qamoqqa olindi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Pervomay tuman sudi ma’lumotiga ko‘ra, sobiq deputatni hibsga olish haqidagi qaror 19 iyun kuni qabul qilingan. Sud Ichki ishlar vazirligi tergovchisining iltimosnomasini qanoatlantirib, sobiq deputatni 30 iyunga qadar tergov hibsxonasiga joylashtirgan.

Qayd etilishicha, Duyshon To‘raqulov Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 261-moddasi 2-qismi (uyushgan jinoiy guruhda ishtirok etish) bo‘yicha ayblanmoqda. Mazkur modda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va mol-mulkni musodara qilish jazosini nazarda tutadi.

Ayni paytda, Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi uning qo‘lga olingani haqida rasman xabar bermagan.

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, Duyshon To‘raqulov “Dushka” laqabi bilan ham tanilgan. U VI chaqiriq Jogorku Kenesh deputati bo‘lib, “Bir Bol” siyosiy partiyasidan parlamentga saylangan.

Manbaga ko‘ra, sobiq deputat 2021 yilda O‘sh shahridagi terini qayta ishlash zavodini reyderlik (korxona, zavod, kompaniya yoki boshqa mulkni uning qonuniy egasidan turli noqonuniy usullar orqali tortib olish) yo‘li bilan egallashda ayblanib qo‘lga olingan. Keyinchalik sud uni uy qamog‘iga chiqargan va To‘raqulov parlamentdagi faoliyatini davom ettirgan.

Bildirilishicha, mazkur ish bo‘yicha tergov natijalari va sudning yakuniy qarori haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda mamlakatning sobiq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyevga aloqador “75 lar ishi” bo‘yicha 90 ga yaqin guvoh so‘roq qilingani xabar qilingandi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing