Shavkat Mirziyoyev Yaponiyadan Rossiyaga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
17:30 3902 2 daqiqa
Bugun, 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yaponiyadagi tadbirlar yakunlangach, O‘zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining bo‘lajak yig‘ilishi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yetakchilarining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Rossiyaga jo‘nab ketdi.
“Xaneda” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Yaponiya Parlamenti deputati Muneo Suzuki, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Osuru Tetsuya va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Davlati rahbari Yaponiya poytaxtida mamlakat Imperatori Naruxito, Bosh vaziri Sanae Takaichi, Parlamentning ikki palatasi rahbarlari, parlamentdagi O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi faollari, hukumat a’zolari, Nara shahri meri hamda yetakchi oliygohlari rektorlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlik va ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiyaning yirik kompaniyalari, moliya institutlari rahbarlari bilan biznes forum va ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Ikki davlat yetakchilari tomonidan O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taruvchi Kelajak avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot imzolanishi tashrifning asosiy natijasi bo‘ldi.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, suv resurslari, transport, shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohalarida salmoqli kelishuvlar to‘plami qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi, ushbu formatdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Sammit yakunida Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.
Tashrif doirasida Tokioda san’at ustalarining konserti, “Yangi O‘zbekiston” fotoko‘rgazmasi va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi