Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi

Jamiyat

image

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan joriy yilning 10-11 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Tojikiston Respublikasida bo‘lib turibdi. Prezidentlar muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi. 

Muzokaralarda rasmiy delegatsiyalar a’zolari, ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari, chegaradosh viloyatlar rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli birodar mamlakatlarning munosabatlari teng huquqli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikning sifat jihatidan yangi darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi.

“Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan beqiyos ishlarni amalga oshirdik va ular o‘zaro munosabatlarimiz solnomasidan o‘rin oldi”, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, tomonlar strategik sheriklikni kengaytirishda qat’tiy ekani va bu borada aniq choralarni ko‘rishga tayyorligini ta’kidlagan.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport sohasidagi va hududlar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish, energetika yo‘nalishidagi ulkan salohiyatni samarali ishga solish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tovar ayirboshlashdagi ijobiy sur’atga qaramay, kelgusi yilda uni ikki barobarga ko‘paytirish uchun yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish muhim ekanini aytgan Shu maqsadda erkin savdo rejimidan istisnolarni bekor qilish va notarif to‘siqlarni bartaraf etish masalalarini kelishishni tez fursatda yakunlash muhim, deb ta’kidladi davlat rahbari.

O‘zaro tovar yetkazib berish hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, uchinchi mamlakatlarga birgalikda chiqish imkoniyatlarini izlash lozim.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mamlakatlarimiz hududlari va yetakchi korxonalarining sanoat kooperatsiyasini kengaytirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

“Muvaffaqiyatli hamkorlikning real misollari va istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalarimiz bor. Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekiston avtomobillarini yig‘ishni tashkil etish, zamonaviy transformatorlar va qishloq xo‘jaligi uskunalarini ishlab chiqarish, maishiy texnika va qurilish materiallari, kalava ip va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, mamlakatlarimizdagi boshqa qo‘shma loyihalarni tilga olish lozim”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba asosida samarali yo‘lga qo‘yish hamda uning imkoniyatlaridan loyihalarni ilgari surishda maksimal darajada foydalanish zarur.

Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik ham strategik yo‘nalishdir. O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shaharlar o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish va avtobus qatnovlarini tiklashni taklif etdi. Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat viloyatlari va tumanlari kesimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini ta’kidladi.

“Masalalarni tezkor hal qilish uchun hududlar rahbarlari izchil “harakatlar rejalari”ni kelishib olishlari va har oy kamida bir marta joylarda uchrashuvlar o‘tkazib borishlari lozim”, deb qayd etgan Mirziyoyev.

Ikki mamlakatning ulkan gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va suvdan foydalanish masalalari bo‘yicha konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Yetakchilar an’anaviy faol gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Shavkat Mirziyoyev diplomatik munosabatlarimiz o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma madaniy tadbirlar dasturini amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat yoshlari festivalini tashkil etish, Dushanbe va Toshkentda zamonaviy o‘zbek va tojik adabiyotining tanlangan asarlari — antologiyalarini nashr etishni taklif etdi.

Muzokaralarda zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish sohasida, ayniqsa Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat asnosida hamkorlikni kuchaytirish muhim ekani qayd etildi.

O‘zbekiston va Tojikiston Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlash, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirish, uni mintaqaviy iqtisodiy sheriklikka faol jalb etish tarafdori ekani ta’kidlandi.

Tomonlar BMT, MDH, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirish va bir birini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqladilar.  

Prezident Imomali Rahmon Tojikiston birodar O‘zbekiston bilan hamkorlikda erishilgan bugungi yuksak darajani qadrlashini, bunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning katta hissasi borligini alohida ta’kidladi. Muzokaralar chog‘ida kelgusi ishlar uchun rejalar belgilab olingani, ularning natijalari ikki mamlakat strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish uchun yangi omil bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

40

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing