Shavkat Mirziyoyev sektor rahbarlari bilan pandemiyadan keyingi rejalarni muhokama qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 10 aprel kuni paxtachilik va g‘allachilikda klaster tizimini rivojlantirish, bahorgi agrotexnik ishlarni samarali tashkil qilib, hosildorlikni oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi insonlar hayotiga xavf solish bilan bir qatorda butun dunyoni iqtisodiy inqirozga olib kelayotgani tobora aniq bo‘lib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar tahlillariga ko‘ra, pandemiyaning jahon iqtisodiyotiga zarari kamida 5 trillion dollarni tashkil qiladi.

Xususan, yuqori daromad beradigan xalqaro turizm, transport va logistika sohalarida tushumlar 2 barobargacha kamayishi kutilmoqda. Sanoatning ko‘plab tarmoqlarida ishlab chiqarish zanjiri buzilishi hisobiga ham zarar katta bo‘lishi tahmin qilinmoqda.

Bu vaziyatda oziq-ovqat ta’minoti masalasi kuchayib, ayrim davlatlar o‘zi yetishtirgan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini chetga chiqarmaslik choralarini ko‘rmoqda. Shuning uchun qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bugungi kunda eng dolzarb masalaga aylanib boryapti.

Kecha Jahon banki o‘z hisobotida Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida iqtisodiyotning o‘sish sur’atlarini ta’minlaydigan manba qishloq xo‘jaligi ekanligini e’lon qilib, bu borada O‘zbekistonda imkoniyatlar kattaligiga alohida e’tibor qaratdi.

Bugungi yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev endi barcha hokimlar, sektor rahbarlari agrar sohadagi rezervlarni safarbar qilib, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishi kerakligini ta’kidladi. Shundagina iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi yo‘qotishlar o‘rnini qisman to‘ldirib, aholi bandligi va daromadini ta’minlash mumkin.

Ma’lumki, mamlakat qishloq xo‘jaligida g‘oyat keng qamrovli va jiddiy islohotlar olib borilmoqda. Xususan, paxta va g‘allaga davlat buyurtmasidan voz kechilib, narx belgilash erkinlashtirildi. Mahsulot ishlab chiqarishda klaster tizimiga o‘tildi va ularning rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bundan maqsad – mahsulot hajmini keskin oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymat va yangi ish o‘rinlari yaratish, eng asosiysi – daromad va manfaatdorlikni oshirishdan iborat.

Klasterlar qishloq xo‘jaligida innovatsion g‘oyalar va tejamkor texnologiyalarni joriy qilib, iqtisodiy samaradorlikni ta’minlayapti.

Misol uchun, o‘tgan yili Quyichirchiq tumanidagi “TST klaster”, Do‘stlik tumanidagi “Sangzor tekstil” klasteri paxtadan gektaridan o‘rtacha 30-35 sentner xirmon ko‘tarib, hosildorlikni undan oldingi yilgiga nisbatan qariyb 2 barobarga oshirdi. Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Xanteks” klasteri tomchilatib sug‘orish joriy qilingan paxta maydonlarida o‘rtacha 70 sentnergacha hosil oldi.

Bunday natijalar paxtachilikda hali rezerv ko‘pligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Yig‘ilishda klasterlar bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, o‘zi faoliyat yuritayotgan tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shishi, odamlarning ongi va turmush tarzini ijobiy tomonga o‘zgartirishi kerakligi qayd etildi.

Buning uchun zarur qulaylik yaratilmoqda. Misol uchun, pandemiya ta’sirini yumshatish bo‘yicha qabul qilingan farmonlarga muvofiq, kreditlarni qaytarish muddati uzaytirildi, soliq bo‘yicha qator yengilliklar joriy qilindi.

Buni to‘g‘ri baholagan, yurtini sevgan klasterlar rahbarlari paxta hosildorligini 10 sentnerga va g‘alla bo‘yicha 20 sentnerga oshirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqdi.

Prezident bugungi og‘ir sharoitda barcha rahbarlar va fermerlar bir bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish bilan shug‘ullanishi lozimligini ta’kidladi.

Klasterlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ilg‘or tajribalarni keng joriy qilish maqsadida Paxta yetishtiruvchi va qayta ishlovchi klasterlar uyushmasini tashkil qilish tashabbusi ma’qullandi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu yil suv ta’minoti juda og‘ir bo‘ladi. Shuning uchun suv resurslarini tejab ishlatish g‘oyat muhim, suvni 2 barobar iqtisod qilish choralarini ko‘rish zarur.

Suv xo‘jaligi vazirligiga ushbu hayotiy resursning aniq hisob-kitoblar asosida ajratilishini ta’minlash, bu yil 150 ming gektar maydonda suv tejovchi, shu jumladan, 44 ming gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish vazifasi yuklatildi.

Videoselektor yig‘ilishida g‘allachilikka doir chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.

Pandemiya natijasida oxirgi uch oyda mamlakatga kirib kelayotgan un hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 50 foizga, don 31 foizga kamaydi. Bugungi epidemiologik vaziyat har qanday sharoitga tayyor bo‘lish darkorligini, oziq-ovqat aholining talabi darajasida zaxira qilinishi zarurligini ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yili g‘allaning davlat xarid narxlari oshirilib, dehqonlarning manfaatdorligi ta’minlangani va qo‘shimcha don yetishtirilgani uchun ichki bozordagi narxlar barqaror saqlanib turibdi.

Bu mavsumda esa qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni bajarib, g‘alla hosildorligini 20 sentner ko‘paytirish, gektaridan kamida 70 sentnerdan hosil olish choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda har bir viloyat va tuman uchun ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqib, ularga muvofiq agrotexnik tadbirlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. G‘allani oziqlantirish, zang kasalligi, zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi kimyoviy ishlov berish, o‘rim-yig‘imni uyushqoqlik bilan tashkil etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Joriy yilda tashkil qilingan 102 ta g‘allachilik klasteri fermerlarga namuna bo‘lib, olingan qo‘shimcha don hisobidan aholiga arzon go‘sht, baliq va parrandachilik mahsulotlari yetkazib berishi maqsadga muvofiq.

Pandemiya davrida barcha davlatlar oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan jiddiy choralarni ko‘rmoqda. O‘tgan yili may-dekabr oylarida O‘zbekistonga 116 ming tonna kungaboqar, 7 ming tonna soya, 15 ming tonna guruch, 2,6 ming tonna dukkakli ekin yormalari import qilingan.

Bu oziq-ovqat mahsulotlari turlari va hajmini ko‘paytirish ustida jiddiy ishlash kerakligini anglatadi. Nafaqat import o‘rnini to‘ldirish, balki yangi eksport bozorlarida o‘rin topish zarur. Shunda hozirgi global inqirozdan kuchli davlat bo‘lib chiqish mumkin.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini ko‘paytirish maqsadida 10 ming gektar yangi bog‘ va 9 ming gektar tokzorlar orasiga kartoshka, sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, ko‘kat, no‘xat, mosh, loviya, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va poliz ekinlari ekish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Baxmal, Yangiobod, Forish va Qo‘shrabot tumanlarida yuzlab quduqlar qazilib, 10 ming gektar lalmi yer maydonlarida uzumzorlar barpo etilgan edi. Yig‘ilishda bu tajribani barcha viloyatlarda joriy qilish, lalmi yerli tumanlarga burg‘ulash texnikalari yetkazib berish zarurligi qayd etildi.

Barcha sektor rahbarlari o‘z hududida oziq-ovqat zaxirasini hisob-kitob qilib, ichki imkoniyatlarini kengaytirib borishi kerakligi aytildi.

Soha mutasaddilari, viloyat hokimlari va klasterlar rahbarlari yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

71

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing