Markaziy Osiyoda birinchi o‘zaro integratsiya qilingan kimyoviy klasterni tashkil etishga kirishyapmiz – Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga safari davom etmoqda. Tashrif dasturidagi ikkinchi manzil "Navoiyazot" korxonasi bo‘ldi. Bu yerda Prezident 2 ta zamonaviy kimyo majmuasini ishga tushirish va yana bir yangi yirik loyihani boshlashga bag‘ishlangan marosimda nutq so‘zlamoqda.

Qayd etilishicha, o‘z faoliyatini 1964 yilda boshlagan mazkur zavod  hozirgi kunda mamlakat kimyo sanoati mahsulotining qariyb yarmini ishlab chiqaradi. Bu yerda 9 mingga yaqin  yuqori malakali muhandis, texnolog va mohir ishchilar mehnat qilmoqda. 

So‘nggi yillarda  “Navoiyazot” zamonaviy texnologiyalar  hamda ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarilmoqda.

Ikki yil oldin bu yerda yiliga 100 ming tonna  polivinilxlorid,  75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol  ishlab chiqaradigan yangi majmua  o‘z faoliyatini boshlagan edi. 

Bugun esa bir vaqtning o‘zida umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan  2 ta zamonaviy kimyo kompleksi ishga tushirilmoqda  hamda yana bir yangi yirik loyihaga start berilmoqda.

“Tasavvur qiling, ushbu loyihalar  “Navoiyazot”da mahsulot ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirib, bu ko‘rsatkichni yillik 150 million dollardan 410 million dollargacha olib chiqadi”, deydi Prezident Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi ishga tushirilayotgan quvvatlarning ahamiyatiga batafsil to‘xtalib, O‘zbekistonga birinchi marta olib kelingan  eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan  ushbu zamonaviy majmualar 60 yil avval qurilgan va haddan ziyod ko‘p energiya iste’mol qiladigan eski quvvatlar o‘rnini to‘liq egallashini ta’kidladi.

Xususan, ammiak va karbamid majmuasida yiliga 660 ming tonna ammiak  va 578 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Bunda bir tonna ammiak ishlab chiqarish uchun  energiya sarfi 2,5 marta kamayadi. Azot kislotasi majmuasida yiliga 500 ming tonna azot kislotasi ishlab chiqarilib,  elektr energiyasi sarfi 18 marta qisqaradi. Faqatgina ana shu ikkita loyiha evaziga ishlab chiqarilayotgan azotli o‘g‘itning tannarxi 30 foizga pasayadi.

Shavkat Mirziyoyev bugun tamal toshi qo‘yiladigan yangi PVX majmuasini qurish loyihasi haqida ham fikr bildirdi.

"Bugun tamal toshi qo‘yilayotgan ikkinchi polivinilxlorid (PVX) ishlab chiqarish majmuasi  “Navoiyazot” va kimyo sanoati tarixida yangi davrni boshlab bermoqda.

Bu “Navoiyazot” hududida xorijiy investitsiyalar ishtirokida boshlanayotgan 400 million dollar qiymatga ega bo‘lgan birinchi yirik loyihadir", deydi Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, ushbu loyiha 2023 yilda to‘liq ishga tushiriladi va polivinilxlorid ishlab chiqarish quvvatini yiliga 100 ming tonnadan  220 ming tonnaga, kaustik sodani esa 75 ming tonnadan 165 ming tonnaga  yetkazish imkonini beradi. 

Loyiha orqali “Navoiyazot” va Elektr kimyo zavodi negizida Markaziy Osiyoda birinchi marta yirik, o‘zaro integratsiya qilingan  kimyoviy texnologik klasterni tashkil etishga kirishmoqdamiz.

Mazkur klasterda yaqin yillarda umumiy qiymati 3,4 milliard dollar bo‘lgan 23 ta loyiha amalga oshiriladi. Klaster doirasida 33 turdagi yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. 

Eng muhimi, shu asosda “Navoiyazot”da  qo‘shimcha 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari ochiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

64

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing