Ryutte NATO davlatlarini zudlik bilan AQSHdan qurol sotib olishga chaqirdi
Olam
−
05 avgust 2025 3552 2 daqiqa
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Niderlandiyaning Ukraina uchun AQSHdan 500 million yevroga qurol sotib olish qarorini olqishladi va alyansning boshqa davlatlarini ham zudlik bilan Gaagaga ergashishga va shu kabi buyurtmalar berishga chaqirdi. Bu haqda uning NATO matbuot xizmati tarqatgan bayonotida aytiladi.
Ryutte “Niderlandiyaning Ukraina uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Kanadadan pul evaziga AQSHdan qurol sotib olish tashabbusini amalga oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishladi”.
“Men NATOning boshqa barcha mamlakatlariga ushbu yukni taqsimlash tashabbusiga hissa qo‘shishga chaqirib yozganman va tez orada boshqa NATO davlatlaridan ham shunga o‘xshash e’lonlarni kutaman”, dedi Ryutte.
Gaaga qarorini AQSHning NATOdagi elchisi Metyu Uitaker ham olqishladi va u ham yaqin kelajakda NATO davlatlaridan “yangi buyurtmalar kutayotganini” ta’kidladi.
NATO matbuot xizmatining eslatishicha, bu 14 iyul kuni Vashingtonda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida tuzilgan kelishuvdir. NATO shtab-kvartirasi ta’kidlashicha, bu dastur Yevropa davlatlari va Kanada tomonidan to‘langan “taxminan 500 million yevrolik [Amerika qurollarini] davriy yetkazib berishdan iborat bo‘lishi kerak”.
Oldinroq Niderlandiya Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Ruben Brekelmans uning mamlakati NATOda birinchi bo‘lib “Ukrainaga 500 million yevro evaziga Amerika qurol-yarog‘ tizimlari, jumladan Patriot komponentlari va raketalari paketini yetkazib berishini” aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 15 iyul kuni turli o‘z manbalariga tayanib, “Politico” nashri NATOning Yevropadagi uchta davlati – Fransiya, Italiya va Chexiya Ukraina uchun Amerika qurollariga pul to‘lash tashabbusida ishtirok etishdan bosh tortganini xabar qilgandi.
Live
Barchasi