Rossiyadagi terror, O‘zbekistonga tahdid, kuchaytirilgan xavfsizlik, tahqirlanayotgan tojiklar, Turkiyaga kiritilmagan o‘zbeklar – Hafta tahlili
Tahlil
−
30 mart
15538Moskvada 144 kishining boshiga yetgan “Krokus” terakti sodir etilganiga bir haftadan oshib, uning atrofidagi voqealar kun sayin avj olib, Rossiyada istiqomat qilayotgan, o‘qiyotgan va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan markaziy osiyoliklarga nafrat kuchayib borishi fonida 2016 yilning fevral oyida yuz bergan dahshatli voqea yodimga tushdi. O‘shanda qish edi – fevral. Moskvalik oilaning 4 yashar qiziga enagalik qilib kelayotgan samarqandlik Gulchehra Boboqulova qizchaning boshini olib, uyga o‘t qo‘ydi, norasidaning boshini shaharning Oktyabr maydoni metro bekatida namoyishkorona ko‘tarib, baqirdi. Ayol o‘sha kunning o‘zida qo‘lga olindi va rus ommaviy axborot vositalarida o‘zbekistonlik enaganing ISHID terroristik guruhi ta’siri ostida qizchaning boshini olgani iddao qilindi. Oradan vaqt o‘tdi, tergov organi sudda taqdim etgan ekspertiza xulosasida Gulchehra Boboqulova qotillikni terrorchilik tashkiloti ta’sirida emas, kuchli ruhiy bosim ostida amalga oshirgani, bungacha O‘zbekistonda shizofreniya kasalligidan davolangani ma’lum bo‘ldi. Loyni ot, o‘zi qolmasa ham izi qoladi, deganlaridek Gulchehra Boboqulovaga qo‘yilgan terrorchi tamg‘asi tozalanmadi. Hech bir ommaviy axborot vositasi dastlabki ma’lumotlarda aytilgan terrorchilik iddaosini rad etib chiqmadi. Oqibatda nima bo‘ldi? Hali isbotini topmagan ma’lumot ortidan Rossiyada o‘zbekistonliklarga, ayniqsa, o‘zbekistonlik ayollarga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ldi. Enaga xizmatida ishlayotganlar ishidan ayrildi, ko‘plarining maoshi kamaydi, ro‘zg‘or tashvishlari ortdi. Islomofobiya kuchaydi. Ha, Boboqulova jinoyat sodir etdi, odam o‘ldirdi, uni oqlab bo‘lmaydi, lekin uning terrorchi ekani isbotlanmadi. Terrorchilik va qotillik o‘rtasida esa katta farq bor. Bugun “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan xunrezlik haqida turli bayonotlarni o‘qib, unda yana markaziy osiyoliklar, xususan, tojik millati asosiy nishonga olinayotgani kishini ko‘plab savollar berishga majbur qiladi-yu, ammo javob beradigan mard topilmaydi. Xullas, gapiraman desak gap ko‘p. Bular bilan Hafta voqealari tahlilimizning navbatdagi sonida tanishasiz.
Terakt ortida kim turibdi?
Dunyoga xavfsizlik borasida dars berib boradigan, qo‘shni mamlakatlarni, jumladan O‘zbekistonni ham doimiy ravishda terrorchilik xavfidan ogohlantirib keladigan Rossiyadek katta va kuchli xavfsizlikka ega bo‘lgan mamlakatning markazida qanday qilib shunday keng ko‘lamdagi terrorchilik aktini tashkillashtirish mumkin, degan savol men kabi sizni ham qiynayotgan bo‘lsa, ajab emas. Boshqa bir mamlakat bilan urush holatida bo‘lgan Rossiyaning konsert zallariga terrorchilar qo‘lida qurol bilan kirib kelib, emin-erkin harakat qilsa-yu buni hech kim bilmasa... Uni kim sodir etgani, kim tashkillashtirgani va davlatning xabari bo‘lgan yo bo‘lmaganidan qat’i nazar unda oddiy odamlar, jumladan bolalar qurbon bo‘ldi. Hozirgacha qurbonlar 144 nafarni tashkil etmoqda. 382 kishi jabrlangan, ulardan 217 nafariga ambulator yordam ko‘rsatildi, 165 nafari shifoxonaga yotqizildi. 98 nafar jabrlanuvchi shifoxonalardan chiqarildi.
Qurbonlar orasida hozirgacha o‘zbekistonliklar aniqlanmagan, ammo Moldova, Belarus va Armaniston fuqarolari bor.
Fojia sodir bo‘lgan kunning ertasigayoq maxsus xizmatlar 11 kishini hibsga oldi. Ular orasida teraktning to‘rt nafar bevosita ijrochisi ekani aytilayotgan Tojikiston fuqarolari Dalerjon Mirzoyev, Murodali Rachabalizoda, Shamsiddin Fariduni va Muhammadsobir Fayzov bor. Moskvadagi rasmiylarga ko‘ra, hibsga olingan vaqtda ular Bryansk viloyatida bo‘lib, Ukraina chegarasi tomon qochayotgan bo‘lgan.
Gumonlanuvchilar Moskvaga olib kelingan, ular Jinoyat kodeksining 205-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyat – uyushgan guruh tarkibida o‘limga olib kelgan terrorchilik xuruji sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingan.
Tergov qo‘mitasi ularning texnik qurilmalari va moliyaviy operatsiyalarini tahlil qilib, hibsga olinganlarning Ukraina tomoni bilan aloqadorligini iddao qilmoqda. 28 mart kuni Rosfinmonitoring Mirzoyev, Rachabalizoda, Fariduni va Fayzovlarni terrorchi va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritdi.
Shuningdek, terrorchilarga sherik ekani aytilayotgan to‘rt nafar: Alisher Qosimov, Isroil Islomov va uning o‘g‘illari Dilovar va Aminxon Islomovlar qo‘lga olingan. Qo‘lga olingan shaxslarga Renault avtomobilini sotgan Islomovlar, shuningdek, ularga kvartirani ijaraga bergan Qosimovlar yaqinlashib kelayotgan terakt haqida bilgan. Isroil va Aminxon Islomovning advokatlari hibsga olish yuzasidan apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qildi.
Shuningdek, huquq-tartibot idoralari xodimlari teraktni moliyalashda gumon qilingan to‘qqizinchi shaxsni qo‘lga oldi. Lutfullo Nazrimada fojia sodir bo‘lgan kunning ertasi kuni konsert zalida “bo‘ysunmagan va beadab xatti-harakatlari” uchun 15 sutkaga hibsga olingan.
Tojikiston maxsus xizmatlari esa Dushanbe va Vahdat shaharlarida teraktlar tayyorlashda gumon qilib, 15 kishini qo‘lga oldi.
Viloyat hokimiyati teraktda halok bo‘lganlarning yaqinlariga 3 million rubl, shifoxonaga yotqizilgan jabrlanganlarga 1 million rubl, ambulator yordam so‘rab murojaat qilganlarga 500 ming rubl ajratmoqda.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikovning aytishicha, Moskvadagi terakt ortida AQSH, Buyuk Britaniya va Ukraina turibdi.
“Biz “Krokus” ishi bo‘yicha tergov qilayotganlardan olgan ma’lumotlar buni tasdiqlaydi. Ayni paytda xavfsizlik xizmati Ukrainaning ishtiroki haqiqat yoki yo‘qligini yana bir bor tekshiradi. Lekin hozircha Ukrainani ayblashga asosimiz bor”, degan FXX direktori.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham buni tasdiqlab chiqdi. Uning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar turli kanallar orqali barchani qonli teraktda go‘yoki Kiyev izi yo‘qligiga, uni ISHID terrorchilik tashkiloti sodir etganiga ishontirishga harakat qilmoqda. Uning versiyasiga ko‘ra, bu vahshiylik “neonatsist Kiyev rejimi qo‘li bilan 2014 yildan buyon Rossiyaga qarshi kurashib kelayotgan”lar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Qurolli hujumdan 19 soat o‘tib rossiyaliklarga murojaat qilgan Vladimir Putin teraktning barcha to‘rt ijrochisi Ukraina hududida yashirinishga harakat qilgani haqida gapirgan.
Britaniya esa Putin Moskvadagi terakt bahona Ukrainaga qarshi urushni kuchaytirishidan xavotirda.
“The Telegraph”ning Uaytxolldagi nomini oshkor qilishni istamagan yuqori martabali manbasining aytishicha, “Rossiya Prezidentining Moskvadagi fojiali terrorchilik uchun Kiyevni balogardon qilishga urinishi bejiz emas”. Putin shu orqali Rossiyadagi urushga qarshi har qanday norozilikni so‘ndirib, xalqni o‘z yo‘rig‘iga solishga urinyapti.
Britaniya parlamenti deputati, Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Alisiya Kernsga ko‘ra, Rossiya ommaviy axborot vositalari allaqachon Ukrainani ayblash va Putinni Ukrainadagi urush jinoyatlarini himoya qilishni boshlab yuborgan.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ham terrorchilarning Ukrainadan panoh topayotganini aytib o‘tgan. U Ukraina “g‘arbdagi liberal rejimlar qo‘li bilan o‘n yil ichida Yevropadagi terrorizm tarqalish markaziga aylanib, ekstremistik zaharlanishda hatto Kosovoni ortda qoldirgani”ni ta’kidlagan.
AQSH va Buyuk Britaniyaga ko‘ra, terakt ortida ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi hisoblangan “Xuroson viloyati yacheykasi” turibdi. “Tolibon” esa ISHIDning “Xuroson” bo‘linmasiga qarshi barcha imkoniyatlarini ishga solib, kurashmoqchi. Bu haqda harakatning Qatardagi siyosiy idorasi rahbari Suhayl Shaxin so‘z ochdi.
Yana shuni alohida urg‘ulab o‘tish joizki, terakt sodir etilgan kunning o‘zidayoq AQSH maxsus xizmatlari 7 mart kuni Rossiyadagi hamkasblarini terror xavfidan ogohlantirgani, AQSHning Moskvadagi elchixonasi esa Rossiyada bo‘lib turgan amerikaliklarga alohida chaqiriq bilan chiqqani ma’lum bo‘lgandi. Xo‘sh, shunday ekan, nega rasmiy Moskva xavfsizlik choralarini kuchaytirmadi?
Teraktdan uch kun oldin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federal xavfsizlik xizmati boshqaruv kengashida nutq so‘zlagan edi. U xavfsizlik xizmati rahbarlariga birinchi navbatdagi vazifa Ukrainadagi o‘zi “maxsus harbiy operatsiya” deb ataydigan qurolli bosqinni qo‘llab-quvvatlash ekanini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina “terrorchilik taktikasi”ga o‘tgan. Putin, shuningdek, Rossiya ichidagi ehtimoliy hujumlar haqidagi bayonotga to‘xtalib, buni G‘arbning “provokatsion bayonotlari” va “to‘g‘ridan to‘g‘ri shantaji” deb atagan.
Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Kirbi Moskvaning hujum ortida Ukraina yoki AQSH turishi mumkin degan da’volarini rad etib, bu Rossiya ma’muriyatining voqeani buzib ko‘rsatish usuli ekanini bildirdi. Kirbi Moskvadagi terakt uchun to‘liq javobgarlikni ISHID o‘z zimmasiga olishini urg‘ulagan.
“AQSH bu hujumning oldini olishga harakat qilgani aniq va Kreml buni biladi. 22 mart kungi hujumdan oldin AQSH ma’muriyati Rossiya rasmiylariga Moskvadagi ommaviy tadbirlar va konsertlarga terrorchilik tahdidi haqida aniq va batafsil ma’lumot bergan”, deydi Kirbi.
Markaziy osiyolik migrantlarga munosabat yomonlashyapti
Dastur avvalida 2016 yilda sodir bo‘lgan o‘zbekistonlik Gulchehra Boboqulova voqeasini eslagan edim va bu bejiz emasdi. O‘sha voqeaning dog‘ini o‘chirishga ancha yillar ketgani kabi Moskvadagi terakt ortidan markaziy osiyoliklarga nisbatan paydo bo‘layotgan og‘ir munosabatni yo‘qotish ham oson kechmasligi aniq. Eng yomoni, bu nafrat urug‘ini xalq emas, amaldorlarning o‘zi sochib turgan bo‘lsa... Buning in’ikosi sifatida shu hafta Rossiyada Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan vizasiz rejimni bekor qilish taklif qilindi. Bunday taklifni “Adolatli Rossiya – haqiqat uchun” partiyasi raisi, Davlat Dumasidagi partiya fraksiyasi rahbari Sergey Mironov ilgari surdi.
Shu o‘rinda eslatib ketsam, siz ushbu partiyani teraktsiz ham Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga tahdidi bilan yaxshi bilasiz. 2023 yilning dekabr oyida “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va “Adolatli Rossiya – haqiqat uchun” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepin O‘zbekistonni Rossiya Federatsiyasiga qo‘shib olish haqida gapirib chiqqan edi.
Bu gal ushbu partiya markaziy osiyoliklarni mamlakatga vizasiz kiritmaslikni so‘rayapti. Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimining joriy etilishi nafaqat milliy xavfsizlikni mustahkamlashga, balki Rossiya va uning janubiy qo‘shnilari o‘rtasidagi haqiqiy o‘zaro manfaatli hamkorlikka ham xizmat qiladi.
“Fraksiya migratsiya jarayonlari ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni taklif qilmoqda, ammo biz Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etishdan boshlashimiz kerak. Busiz chegarada tartib bo‘lmaydi, bu hozir hayotiy ahamiyatga ega. Bu migratsiyani tartibga solish va terroristik hujumlarga qarshi kurashish uchun zarur!” deb ta’kidlaydi Davlat Dumasi a’zosi.
Rossiyalik qo‘shiqchi Manija Sangin terakt oqibatidan nafaqat tojikistonliklar, balki butun Markaziy Osiyo aholisi jabr ko‘rishidan qo‘rqishini aytdi. U asli tojikistonlik ekanini urg‘ulab, Dushanbeda buvisi bilan bog‘liq xotiralarini yodga olarkan, bugun buvisi hayotda emasligini aytib, buni shunday izohladi.
“Bugun buvimning o‘lganiga 14 yil bo‘ldi. Oxirgi bir necha yil davomida men u biz ko‘rayotgan voqealarni ko‘rmaganidan xursand bo‘ldim. Terakt tufayli tojiklar va Markaziy Osiyoning barcha aholisi boshiga tushadigan qiyinchiliklar unga ta’sir qilmasligidan ham xursandman", deydi “Yevronigoh-2021” (“Eurovision-2021”) qo‘shiqlar tanlovi ishtirokchisi.
Sergey Mironovning fikricha, vizasiz sayohatning bekor qilinishi hech qanday holatda qo‘shnilarga nisbatan nodo‘stona ishora sifatida qaralmasligi kerak. Xo‘sh, siz doimiy ravishda o‘zini strategik hamkor, eng yaxshi do‘st sifatida ta’riflaydigan Rossiyaning markaziy osiyoliklarga, xususan, o‘zbekistonliklarga viza rejimini joriy etishiga qanday qaraysiz? Fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring.
Turkiyadagi aeroportlarda xavfsizlik choralari kuchaytirildi
O‘zi azaldan Turkiyaga borganlar aeroportdan kiritilayotganda ularning Rossiyada bo‘lgan-bo‘lmagani, agar borgan bo‘lsa, buning sabablari sinchkovlik bilan tekshirilar edi. Rossiyada ham bir necha yildan buyon Turkiyaga borgan sayyohlar bilan alohida suhbatlar o‘tkazilardi. Moskvadagi terakt fonida esa Turkiyadagi aeroportlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilib, unda o‘zbekistonliklar ham chetda qolmayapti.
O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligining yurak hovuchlab ogohlantirishicha, Turkiya hududiga kirmoqchi bo‘lgan 20-35 yosh oralig‘idagi xorijliklarga nisbatan nazorat tadbirlari kuchaytirilmoqda.
Turkiyaga kirish va chiqish chegara punktlarida Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mamlakatga kelayotgan xorijliklarga nisbatan qat’iy tekshiruvlar amal qilmoqda.
O‘zining xatti-harakatlari bilan shubha uyg‘otgan shaxslar bilan migratsiya xizmati xodimlari tomonidan suhbat o‘tkazilib, shaxsiy uyali telefonlari tekshirilishi holatlari ham uchramoqda. Terrorizm, odam savdosi va boshqa jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanganlar, taqiqlangan tovarlarni olib o‘tishga uringan shaxslar “Turkiyaga kirishi istalmagan yo‘lovchi” sifatida baholanib, Turkiya hududiga kiritilmasdan mamlakatiga qaytarib yuborilmoqda.
Birgina yanvar-fevral oylarida Turkiyaga 163 nafar O‘zbekiston fuqarosi kiritilmagan. Ulardan 54 nafari muqaddam Turkiyaga kelib, qonunbuzarlik sodir etib, kirishga taqiq qo‘yilganlardir.
Bu o‘rinda qardosh mamlakatdagi huquq-tartibot organlari xodimlari ham juda anoyi emas. Ularning qo‘pol munosabati, yo‘lovchilarni odam o‘rnida ko‘rmayotgani ustidan ham qator shikoyatlar tushgan va konsullikdagilar buni kerakli organlarga yetkazgan. Ko‘ramiz, muomalada o‘zgarish bo‘larmikin. Lekin shunday bo‘lsa-da, Turkiyadan kelayotgan va Turkiyaga ketayotganlardan iltimos, o‘zingizni va butun millatni sharmanda qilmang. Aeroportdagi yuk janjallari, samolyotdagi tilla daxmazalari, “pachka-pachka” sigaret mojarolariga biroz dam bering. Qolaversa, shunchaki dam olish uchun sayohatga chiqqanlarga “yukimni o‘zingiz bilan olvoling” degan uyatsiz va oxiri yo‘q iltimoslardan tiyiling!
Ijtimoiy tarmoqlarda terakt haqida izoh yozgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi
Joriy haftada Rossiya bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlarda terakt haqida izoh yozgani uchun o‘nga yaqin kishi qo‘lga olindi. Ularning barchasi ommaviy ravishda uzr so‘rashga majburlangan.
E’tiborlisi, bunday qo‘lga olishlar pensionerlardan tortib, to‘qqiz yashar maktab o‘quvchisigacha qo‘llanilmoqda. Jumladan, Magadan viloyati politsiyasi terrorizmni omma oldida oqlaganligi uchun Ola qishlog‘ida yashovchi 75 yoshli fuqaroni hibsga olgan.
Bildirilishicha, pensioner messenjerda videoga izoh qoldirib, “tekinxo‘rlarni ko‘proq o‘ldirish kerak edi”, deb yozgan. Ayni paytda unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Oltoy o‘lkasida Rubtsvosk shahridagi do‘konlardan birida ishlovchi o‘zbekistonlik esa “Krokus”dagi qonli hujumni oshkora oqlab chiqqani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
31 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 27 mart kuni qo‘lga olingan. Unga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205.2-moddasi 1-qismi (terrorchilik faoliyatiga ommaviy chaqiriqlar, terrorizm yoki terrorizm tashviqotini ommaviy ravishda oqlash) aybi bilan 2024 yil 26 mayga qadar ikki oy muddatga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
O‘zbekiston rasmiylari esa bu hafta Rossiyaga ta’ziya bildirish bilan ovora bo‘ldi. Yuqori amaldorlar oyog‘i Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasidan uzilmadi. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, O‘zbekiston Oliy Majlisi spikeri Nuriddinjon Ismoilov, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev elchixonaga borib, terakt qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi va xotira daftariga qayd qoldirdi. Elchi Oleg Malginovga ta’ziya bildirdi.
Suriyadagi terrorchilarga qo‘shilgan o‘zbekistonlik yigit qidiruvga berildi
Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etib kelayotgan andijonlik yigit qidirilmoqda.
Andijon viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, Abduvahob Abdurahimov 1999 yil Andijon viloyatining Izboskan tumanida tug‘ilgan. U Rossiyaning Tula shahrida mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib yurgan vaqtida, “Javhad an-nusra” xalqaro terroristik tashkilotning tarkibiy bo‘linmasi hisoblangan “Tavhid va jihod katibasi” guruhining g‘oyaviy yetakchilari ta’siriga tushib qolgan. Keyinchalik ushbu tashkilot g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, 2022 yilda Rossiyadan Turkiyaga, u yerdan esa Suriyaga o‘tib, terrorchilik tashkiloti tarkibida faol jangovar harakatlarda qatnashib kelgan.
Abduvahob Abdurahimov hozirda ham jangovar harakatlarda ishtirok etib kelayotgani aniqlangan. Olib borilgan surishtiruvlar natijasida unga nisbatan 2023 yilda Jinoyat kodeksining 155-2- (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi 244-1-moddalari (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.
Qidiruvdagi o‘zbekistonlik Ozarbayjonda qo‘lga olindi
Xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Ozarbayjonda qo‘lga olindi. Bu haqda Ozarbayjon Bosh prokuraturasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 1985 yilda tug‘ilgan Siyovush Hasanov va 1990 yilda tug‘ilgan Sarvar Abdurahimov jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi iltimosnomalari Ozarbayjon tomonidan qanoatlantirilgan.
Firibgarlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan o‘zbekistonliklar qonunchilikka muvofiq joriy yilning 6 mart kuni Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda ushlanib, ularga nisbatan profilaktika choralari ko‘rilgan. 2002 yilning 7 oktyabridagi “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam to‘g‘risida”gi Konvensiyaga asosan ayblanuvchilar O‘zbekistonga topshirilgan.
O‘zbekistonda jamoat joylarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi
Rossiyadagi voqealar boshqa mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham xavfsizlik haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga sabab bo‘lmadi, deyish qiyin. 29 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch tuzilmalari rahbarlari ishtirokida jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyatining savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi yirik ob’ektlarida, shu jumladan savdo-ko‘ngilochar majmualar, bog‘lar, bozorlar va boshqa fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash ishlarining tashkil etilishi to‘g‘risidagi hisobotlari tinglangan.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyati oldiga jamoat tartibini saqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish, aholi gavjum bo‘ladigan joylarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan terrorchilik harakatlari va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan choralarni ko‘rish vazifasi qo‘yilgan.
Shu kunning o‘zida poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi Toshkentda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida IIBB xodimlari savdo majmualari, ko‘ngilochar maskanlar, bozorlar va boshqa jamoat joylarida kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borayotganini e’lon qildi.
Mirziyoyev Namanganga bordi
Shu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning hafta davomidagi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tish o‘rinli. Davlat rahbari bu hafta Namangan viloyatiga borib, u yerda faollar bilan iftorlikda ishtirok etdi va qat’iyat bilan kuchlilar ojizlarga tayanch bo‘lishi kerakligini alohida urg‘uladi.
O‘zbekiston rahbari iftorlik marosimida namanganlik 108 yoshli Ibrohimjon hoji ota Xo‘jayev bilan uchrashdi va unga Traverse rusumli avtomashinani sovg‘a qildi. Otaxon tasavvuf ilmining buyuk namoyandasi Ahmad Yassaviy avlodidan ekani aytiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda ham Ibrohimjon hoji ota bilan uchrashgan va o‘shanda Malibu avtomobilini sovg‘a qilgan. Qiziq, otaxon eski avtomobilini kimga berdi ekan? Bilganlar izohda yozsin.
Prezidentning tashrifi tanqid va lavozimdan uchishlarsiz o‘tmadi. U Namanganda mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani uchun mas’ul komplekslar va viloyat rahbarlarini tanqid qildi.
Prezident viloyat va tuman hokimlarining qurilish, kommunal va ekologiyaga javobgar o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar tizimidagi mas’ul rahbarlarning “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish hamda chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha faoliyati ko‘rib chiqilgani, ulardan 28 nafariga nisbatan intizomiy jazo ko‘rilganini qayd etdi.
Jumladan, Kasbi, Qarshi, To‘raqo‘rg‘on tumanlari hokim o‘rinbosarlari ishdan olindi, ushbu tumanlar hokimlarining, 6 ta viloyat hokimining o‘rinbosarlari va boshqa rahbarlarga “hayfsan” berildi. Barcha ekologiya boshqarmalari boshliqlariga sinov muddati tayinlandi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining saytiga kiberhujum uyushtirildi
Tugayotgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “Ulush kiritish asosida uy-joy qurish” milliy axborot tizimiga ISHID xakerlari buzib kirgani to‘g‘risida xabar tarqaldi.
“Sizning tizimingiz ISHID tomonidan buzilgan. Biz shu yerdamiz”, degan yozuv paydo bo‘lgan saytda.
Vazirlik mazkur holatga munosabat bildirdi va rasmiy saytga buzib kirilmaganini, faqatgina havolani o‘zgartirishga urinish bo‘lganini ma’lum qildi.
“Bugun, 26 mart kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining mc.uz rasmiy saytidagi rd.mc.uz havolasiga xakerlar hujum qilishga harakat qilgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Bildirilishicha, rasmiy sayt faoliyatida hech qanday uzilishlar bo‘lmagan. Biroq vazirlik xakerlar kim ekaniga aniqlik kiritmagan.
Qur’onni yoqib yuborgan iroqlik Shvetsiyadan deport qilinadi
Shvetsiyada Qur’onni bir necha bor yoqib yuborgan iroqlik Salvan Momika mamlakatdagi etnik guruhlarga qarshi gijgijlash aybi bilan tergov qilinmoqda va u Shvetsiyadan deport qilinadi. Bu haqda uning o‘zi ma’lum qildi.
Momikaning Qur’onni provokatsion tarzda yoqib yuborishi aks etgan videolar butun dunyo bo‘ylab ommalashib ketgan. Bir qancha musulmon mamlakatlarida g‘azab va tanqidlarga sabab bo‘lgan. Oqibatda ko‘p joylarda tartibsizliklar va namoyishlar boshlanib ketgan.
Joriy yilning oktyabr oyida Shvetsiya migratsiya idoralari Momikaning yashash uchun ruxsatnomasini bekor qilib, uni Iroqqa deportatsiya qilmoqchi bo‘lgan edi. Shunga qaramay, vatanida uning hayoti xavf ostida qolishi mumkinligi hisobga olinib, Momikaning deportatsiyasi kechiktirildi. Shvetsiya provokatorga mamlakatni tark etishi va boshqa bu yerga qaytmasligi uchun vaqt bergan.
Stokgolm rasmiylarining deportatsiya qilish haqidagi buyrug‘i ortidan 37 yoshli Momika qo‘shni Norvegiyadan boshpana so‘rashini ma’lum qildi va endi Shvetsiyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda aybladi.
Shotlandiyalik musiqiy guruh o‘zbek qaroqchilari haqida kuyladi
Shotlandiyaning “Alestorm” musiqiy guruhi o‘zbek qaroqchilari haqida kuyladi. “O‘zbekiston” nomli qo‘shiq guruhning qariyb 2,5 mln obunachiga ega YouTube kanaliga joylashtirildi.
Shotland guruhi “O‘zbekiston” qo‘shig‘i videosini taqdim etdi, unda Markaziy Osiyo mamlakatining “qum dengizlarida sayr qilayotgan” xayoliy qaroqchilar haqida hikoya qilingan. Matnda xonandalar Orol dengizi va Samarqandni tilga oladilar. Qo‘shiq yakunida qahramonlar “O‘zbekistonga hech qachon bora olmasliklaridan nolishadi, chunki ular aytgan qo‘shiqlari uchun mamlakatda o‘limga hukm qilingan”.
“Orda” nashrining aniqlik kiritishicha, guruhning qaroqchilar haqidagi qo‘shig‘i kontekstda O‘zbekistonning tilga olinishi biroz kinoyali va haqiqatdan yiroq, chunki mamlakatning okeanga chiqish imkoni yo‘q. Jahon okeaniga chiqish uchun ham o‘zbekistonliklar kamida ikkita davlat hududini kesib o‘tishlari kerak. Ayni paytda qo‘shni davlatlar ham bunday ne’matdan bebahra. Mamlakatdagi Orol dengizi ham qurib boryapti. Yana bir jihati O‘zbekistonda 2008 yil 1 yanvardan boshlab, o‘lim jazosi bekor qilingan.
Ma’lumot uchun, “Alestorm” folk-metal yo‘nalishida kuylaydigan guruh bo‘lib, uning qo‘shiqlari asosan qaroqchilarga bag‘ishlanadi. Ushbu qo‘shiq va klipning YouTube’dagi ko‘rilishi 10 kunda hatto 200 mingtani ham tashkil etmadi. Biroq, o‘zbekistonlik xonanda Ozoda Nursaidova O‘zbekiston, Markaziy Osiyo, boring ana MDH tarixida ilk bora klipi YouTube’da 100 million marotabadan ortiq tomosha qilingan yagona xonanda bo‘ldi. Gap o‘sha quloqqa tanish bo‘lgan “Ko‘k jiguli” haqida ketmoqda.
Prezident Mirziyoyev ishtirokidagi davlat tadbirida ham kuylangan ushbu qo‘shiq tanilib borgani sari uning atrofidagi munozaralar ham ortmoqda. Qo‘shiq global yuztalikda ham, Lyuksemburg yuzligida ham birinchi o‘rinni egallab turibdi. Har holda O‘zbekiston eng havosi iflos mamlakatlar ro‘yxatidan tashqari yana nimadir-da birinchi. Ko‘ngilni keng qiling.
AQSH delegatsiyasi O‘zbekiston rahbariyati bilan uchrashdi
Rossiyada Markaziy Osiyoga nisbatan munosabat mavjlanib turgan bir paytda AQSHning senator Stiven Deyns hamda Vakillar palatasi qo‘mitasi raisi, kongressmen Mayk Rojers boshchiligidagi delegatsiyasi Toshkentga kelib, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov bilan uchrashdi. Ular bu bilan to‘xtagani yo‘q. Delegatsiya a’zolari Prezident Shavkat Mirziyoyev qabuliga ham kiritildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmatiga ko‘ra, keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuqori darajaga erishilgan, faol muloqotlar va o‘zaro tashriflar davom etmoqda. O‘tgan yilning sentyabr oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “S5+1” formatidagi birinchi sammiti hamda samarali ishbilarmonlik uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Mirziyoyev parlamentlararo aloqalarni, shu jumladan AQSH Kongressida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus ishini yuqori baholagan.
Eng muhimi, uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashilgan. Alohida aytish o‘rinliki, AQSH rasmiylarining O‘zbekistonga aynan mart oyida tashrif buyurishi va Prezident Mirziyoyev bilan uchrashishi an’anaviy tus olmoqda. Davlat kotibi Entoni Blinken ham aynan 2023 yilning mart oyida O‘zbekistonga kelib, Prezident qabulida bo‘lgandi.
Korrupsion holatlar eng ko‘p aniqlangan sohalar ma’lum qilindi
Dok-1 Maksdan vafot etgan bolalarni tarix unutmaydi, biz unutmaymiz, unuttirmaymiz. Bunga haqqimiz ham yo‘q. Antistrumin dorisidan zaharlanish voqeasi ham hali eskirganicha yo‘q. Tug‘uruqxonalardan o‘ligi chiqayotgan chaqaloqlarning bo‘g‘ziga tiqilgan yig‘i onalar faryodida yashamoqda. Bularning sabablariga to‘xtaladigan bo‘lsak, oqibati korrupsiya ekani kundek ravshan. Fikrimizni asoslasak, 2022-2023 yillar davomida 876 nafar shaxs davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq holda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan bo‘lib, ularning eng ko‘pi yoki 282 nafari sog‘liqni saqlash, 72 nafari xalq ta’limi, 65 nafari maktabgacha ta’lim, qolganini boshqa soha vakillari tashkil etadi. Jamiyatning asosini tashkil qiluvchi sohalarda shu ahvol. Yuqorida aytganimizdek, biz ham, tarix ham buni unutmaydi.
LiveBarchasi