Rossiya Venesuelada qurol zavodi ochdi
Olam
−
02 iyul 6525 2 daqiqa
Venesuelada Kalashnikov avtomatlari uchun 7,62 mm kalibrdagi o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi. Yangi korxona yiliga 70 milliongacha o‘q-dori tayyorlashga qodir. Bu haqda “Rostex” korporatsiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, zavodning ilk bosqichi to‘rtta ishlab chiqarish liniyasiga ega: ikkitasida temir o‘zakli o‘qlar, qolganlarida esa trassirlovchi (yonadigan o‘q) va xolos o‘qlar (mashq yoki marosim maqsadida ishlatiladigan o‘q) tayyorlanadi.
“Rostex” ijrochi direktori Oleg Yevtushenkoga ko‘ra, yaqin vaqtda zavodning qolgan liniyalari ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu esa Kalashnikov avtomatlari (AK-103) va o‘q-dorilarni to‘liq ishlab chiqarish siklni yo‘lga qo‘yishga imkon beradi. Mahsulotlar Venesuela armiyasi, politsiyasi va boshqa kuch tuzilmalariga mo‘ljallangan.
Zavodning ishlab chiqarish quvvati har bir smenada o‘n minglab o‘q-dori tayyorlashga yetarli. Yevtushenko buni “Lotin Amerikasidagi asosiy hamkorimiz bilan texnologik hamkorlikda muhim qadam” deb ta’kidlagan.
Birinchi bosqich doirasida o‘q-dorilar tarkibiy qismlari uchun omborlar, chiqindilarni utilizatsiya korpusi, mahsulotni sinash uchun tir va yong‘in xavfsizligi uchun suv rezervuari ham qurilgan.
Ma’lumot uchun, 2006 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Venesuelaning o‘sha paytdagi prezidenti Ugo Chaves mamlakatda AK-103 avtomatlari va 7,62 mm patronlar ishlab chiqarish bo‘yicha ikki zavod qurishga kelishib olgan. Loyiha 2009 yilda boshlangan, biroq uning amalga oshishi sanksiyalar va korrupsiya mojarolari tufayli bir necha bor kechiktirilgan. Jumladan, 2015 yilda qurilish bilan shug‘ullangan kompaniya rahbari, sobiq senator Sergey Popelnyuxov 1 milliard rubldan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilganlikda ayblanib hibsga olingan.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr