Rossiya urushda 1 mln harbiysidan ayrilgan – Ukraina

Olam

image

Rossiya Ukrainaga qarshi olib borayotgan keng ko‘lamli urush davomida deyarli 1 million askaridan ayrilgan. Bu haqda kecha, 26 may kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lum qildi.

Xabarda keltirilishicha, yo‘qotilgan 1 million harbiydan tashqari so‘nggi bir sutka ichida Rossiya qo‘shinlari yana mingga yaqin askardan ayrilgan. Kiyev bu raqamlar faqat o‘ldirilganlarmi yoki yaradorlarni ham o‘z ichiga olishi mumkinligi bo‘yicha aniqlik kiritmagan. Biroq tahlilchilarning fikricha, bu umumiy yo‘qotishlar, ya’ni halok bo‘lganlar, yaralanganlar, bedarak yo‘qolganlar va asirga tushganlarni o‘z ichiga oladi.
 
Ukraina harbiylariga ko‘ra, Rossiya yoz oylariga rejalashtirilayotgan yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ukraina rasmiylari Rossiyaning harbiy kuchlari va texnik yo‘qotishlarini 2022 yil 24 fevralda boshlangan to‘liq hajmdagi urushdan buyon har kuni kuzatib bormoqda. Ukraina ham, Rossiya ham o‘z yo‘qotishlarini rasmiy ravishda ochiqlamaydi.

2025 yil fevral oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urush boshlanganidan beri 46 mingdan ortiq ukrainalik askar jang maydonida halok bo‘lganini bildirgan. Uning aytishicha, taxminan 380 ming askar yaralangan, yana 10 minglab kishilar bedarak yo‘qolgan yoki Rossiya asirligida qolmoqda.

“Har kuni mingga yaqin askar yo‘qotilayotganini inobatga olgan holda, Rossiya o‘z armiyasini to‘ldirish uchun xorijliklarni yollashga urinmoqda”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, 2024 yil oxiridan boshlab 12 minggacha shimoliy koreyalik askar Rossiya armiyasiga qo‘shilgan va buni Pxenyan rasmiy ravishda tasdiqlagan. Avval bu ma’lumotni G‘arb manbalari va Kiyev xabar qilgan edi.

2025 yil aprel oyida Ukraina harbiylari Rossiya tarafida jang qilayotgan xitoylik fuqarolarni asirga olganini ma’lum qilgandi. Ukraina harbiy razvedkasining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasida kamida 160 nafar Xitoy fuqarosi xizmat qilmoqda.

Pekin bu da’volarni inkor etib, Xitoydan rasmiy askarlar yuborilmaganini, bu shaxslar ko‘ngilli sifatida o‘z xohishlari bilan borayotganini ta’kidlagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 600 ga yaqin shimoliy koreyalik Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida, xususan, Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatidagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etish chog‘ida halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Jaloliddin Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing