Rasman: Yil o‘rtasiga kelib O‘zbekiston bo‘ylab harakatlanish tezligi 60 kmga tushiriladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 iyunidan boshlab O‘zbekistonning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida aytilgan. 

Farmon loyihasi kecha, 6 fevral kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. 

Unda qayd etilishicha, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasi “shahar avtomobillar emas, balki piyodalar uchun” g‘oyasi asosida isloh qilinadi. Shu bois 2023 yil 1 iyundan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi. 

Yo‘llarda harakatlanish tezligining pasaytirilishiga esa yo‘l-transport hodisalari yiliga 4 mingga yaqin o‘lim holatlari bilan yakunlanayotgani asos qilib ko‘rsatilgan. Farmon loyihasida keltirilgan dalillarga ko‘ra, tezlikni 10 kilometr soatga tushirish o‘lim holatlarini kamida 15 foizga kamaytirishga olib keladi. Masalan, Toshkent shahrida 2022 yilda 1200 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan, bu 2021 yildagi holatlardan (1073) qariyb 130 taga ko‘p. Ushbu davrda yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 136 nafarini tashkil etadi. 

Shuningdek, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab transport vositasining mulkdoriga transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni taqdim etgan holda davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazganligi haqida xabardor qilish huquqi beriladi. 

Bunda, xabarnoma olingan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan huquqbuzarliklarni qayd etish tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi belgilanadi. 

Ta’kidlanishicha, mazkur mexanizmlar jazo muqarrarligi tamoyilini ro‘yobga chiqarish hamda transport vositasi boshqaruvi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etishda ball tizimi joriy etilishi munosabati bilan kiritilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing