Rasman: endi SI yordamida shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berganlar jazolanadi
Jamiyat
−
21 yanvar 2415 2 daqiqa
O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqda bugun, 21 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunda keltirilgan.
Qayd etilishicha, quyidagilarga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan:
- sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash;
- ushbu sohadagi vakolatli davlat organining vakolatlarini aniqlashtirish.
Unga ko‘ra, sun’iy intellekt – insonning bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish, mustaqil o‘rganish, yechimlarni izlash va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beruvchi texnologik yechimlar majmui.
Insonning huquqi va erkinligiga aloqador bo‘lgan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan texnologiyalar asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanish mumkin emas.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni Ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internet tarmog‘ida tarqatish:
- ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (41 mln 200 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2025 yilda sun’iy intellektdan foydalanish darajasi bo‘yicha dunyoning 147 mamlakati orasida 141-o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan edi. Mamlakatda neyron tarmoqlardan foydalanish darajasi atigi 6,3 foizni tashkil etmoqda.
Live
Barchasi