Raqobat qo‘mitasi tibbiyot tashkilotlarida “sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazadi
Jamiyat
−
12 iyun 3915 2 daqiqa
Raqobat qo‘mitasi tibbiyot tashkilotlarida “sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish boshlanganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, iste’molchilar xususiy yoki davlat tibbiyot tashkilotlariga murojaat qilganda klinik protokollardan chetga chiqib, boshqa diagnostik apparatlarda qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish, shifokor bilan kelishilmagan holda keraksiz tekshiruvlar yoki tahlillarni (analizlarni) topshirish, aynan ushbu kasallik uchun zarur bo‘lmagan dori vositalari yoki BFQlarni qo‘shimcha ravishda buyurish holatlari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlar ko‘p uchrayotgani qayd etilgan.
Qo‘mitada shu kabi holatlar bo‘yicha tushgan shikoyatlar 2025 yilda 53 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 2,3 barobarga oshib, 127 tani tashkil etgan.
Tibbiyot sohasida bunday holatlarni oldini olish va profilaktika qilish maqsadida Raqobat qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Unga ko‘ra, vazirlik klinik protokollarga amal qilingani yoki ulardan chetga chiqilgani bo‘yicha tegishli xulosa beradi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025 yildagi 667-son qarori bilan tasdiqlangan “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayinlash, realizatsiya qilish hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini nazorat qilishda ‘sirli mijoz’ tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablari doirasida bunday tadbirlarni o‘tkazish belgilangan.
Nizomga ko‘ra, “sirli mijoz” tadbiri faqat audio yoki video kuzatuv moslamalaridan yashirin foydalangan holda o‘tkaziladi.
Raqobat qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha tibbiyot tashkilotlari iste’molchilarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatib, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etishlari lozimligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi