Putin Sisi bilan G‘azoda garovga olinganlarni ozod qilish haqida gaplashdi
Olam
−
15 noyabr 2023
4332Rossiya va Misr Prezidentlari Vladimir Putin va Abdulfattoh as-Sisi telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda Falastin-Isroil mojarosida ishtirok etayotgan tomonlar qon to‘kilishini tezroq to‘xtatib, garovga olinganlarni ozod qilishlari kerakligi aytildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari Falastin-Isroil mojaro zonasida vaziyatning keskinlashuvini muhokama qilib, G‘azo sektorida tinch aholi, jumladan, minglab bolalar va ayollar qurbonlari soni ortib borayotganidan chuqur xavotir bildirishgan.
“Qon to‘kilishini tezroq tugatish, garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azoning tinch aholisiga insonparvarlik yordamini to‘sqinliksiz yetkazishning prinsipial ahamiyati ta’kidlandi”, deyiladi bayonotda.
Putin, shuningdek, Misr Prezidentiga Rossiya fuqarolarini G‘azo sektoridan evakuatsiya qilishda Misr tomonidan ko‘rsatilgan har tomonlama yordam uchun minnatdorlik bildirgan.
Prezidentlar, shuningdek, Moskva va Qohira Yaqin Sharqdagi mojaroni suveren Falastin davlatini yaratish orqali hal etish tarafdori ekanini tasdiqlagan.
Suhbat yakuniga ko‘ra, davlat rahbarlari muloqotni davom ettirishga kelishib olgan.
LiveBarchasi