Prezident matbuot va OAV xodimlarini tabrikladi
Jamiyat
−
17:43 527 4 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekistonning bosma va internet nashrlari, teleradiokanallar, axborot va media xizmatlarida, nashriyot va matbaa korxonalarida sidqidildan mehnat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarni, zahmatkash jurnalistlar, muhtaram faxriylarni kasb bayrami bilan tabrikladi.
“Men sizlarni – yuksak bilim va salohiyatga ega, vatanparvar barcha jurnalistlarni o‘zim uchun doimiy maslakdosh, jonkuyar do‘st deb bilishimni yana bir bor izhor etaman.
Bu yil ushbu qutlug‘ ayyom milliy matbuotimiz asosi – jadid bobolarimiz tomonidan “Taraqqiy” gazetasi tashkil etilganiga 120 yil, yurtimizda radioeshittirishlar ilk bor tajriba tariqasida uzatilganiga 100 yil to‘lgan kunlarda nishonlanayotgani unga alohida shukuh bag‘ishlamoqda.
Biz bundan o‘n yil oldin demokratiya, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan ezgu g‘oyaga tayangan holda Yangi O‘zbekistonni qurishga kirishgan edik. O‘tgan qisqa davrda ko‘p millatli xalqimizning fidokorona va sharafli mehnati bilan bu borada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdik”, deyiladi Prezident tabrigida.
Shuningdek, tabrikda jamiyatda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligini kengaytirish, axborot sohasini raqamlashtirish va zamonaviy mediamakonni shakllantirish borasida e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
“Yaratilgan mustahkam huquqiy asos, berilgan imtiyoz va preferensiyalar natijasida sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, uning tarkibida xususiy sektorning ulushi yildan yilga oshib bormoqda. Hozirgi kunda qariyb 2 ming 700 ta ommaviy axborot vositalarining 67 foizi, noshirlik sub’ektlarining 90 foizdan ortig‘i, matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ortib, o‘rtacha 15 ming nomdagi jami 60 milliondan ortiq nusxada kitoblar nashr etildi”, deyiladi tabrikda.
Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkichlar mamlakatda axborot sohasini liberallashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish, media faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ishlari hamda axborot xizmatlari bozori kengayib borayotganidan dalolat beradi. Axborot oqimi keskin ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan bugungi davrda manbalarning ishonchli ekaniga alohida e’tibor qaratish mamlakatda ham muhim ko‘nikmaga aylangan. Qisqa vaqtda turli media loyihalar orqali 10 ming yoshni qamrab oladigan zamonaviy ta’lim tizimi shakllantirilgan.
“Biz erkin va mas’uliyatli, xalqchil jurnalistikani jamiyat va davlat rivojlanishining zarur shartlaridan biri deb bilamiz. Bu borada ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyati uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ularning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, kasb mahorati va malakasini oshirish, jumladan, ijtimoiy himoyasini ta’minlash, mehnatini rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, uning nufuzini oshirish va islohotlar jarayonidagi ishtirokini kengaytirish zarur deb o‘ylayman. Nega deganda, tez o‘zgarayotgan bugungi davrning o‘zi ushbu jamoat birlashmasi oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy va informatsion-texnologik yordam ko‘rsatish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda kasbiy birdamligini ta’minlash kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda”, deyiladi Prezident tabrigida.
Shuningdek, unda ilk bor mamlakat bo‘ylab uch oy davomida 12 mingdan ortiq soha vakillari, jumladan, yosh jurnalistlarni jalb qilgan holda o‘tkazilgan Media haftalik tadbirlarini kelgusida ham davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekani bildirilgan.
“Men mamlakat rahbari sifatida milliy ommaviy axborot vositalarimiz davlat va jamiyat o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini bajarish barobarida xalqimizni umummilliy manfaatlar asosida birlashtiradigan, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni ezgu maqsadlar sari yetaklaydigan qudratli ma’naviy kuchga aylanishi uchun barcha yordam va ko‘makni ko‘rsatishga doimo tayyorman.
Muhtaram matbuot ahli!
Fursatdan foydalanib, bugungi quvonchli sana munosabati bilan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha xodimlarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Qalamingiz hamisha o‘tkir, so‘zingiz haqqoniy va ta’sirchan, ijodingiz barakali bo‘lsin!” deyiladi tabrikda.
Live
Barchasi