Prezident ayollar haqidagi yig‘ilishda Qur’oni karimning Niso surasiga murojaat qildi
Jamiyat
−
01 mart 2022 14588 2 daqiqa
Ayni vaqtda O‘zbekiston Repsublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
“Bugun, sizlar bilan bahorning birinchi kunida hammamiz uchun muhim bo‘lgan masala – xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash bo‘yicha eng dolzarb vazifalarni belgilab olamiz.
Sizlarga ma’lumki, ko‘p ming yillik davlatchiligimiz tarixida buyuk namoyandalarimiz, mohir sarkarda va siyosatchi bo‘lgan ota-bobolarimiz yonida hamisha oqila, jasur va fidoyi momolarimiz ham o‘zlarining yuksak aql-zakovati, teran fikr va mulohazalari, amaliy harakatlari bilan mamlakat taraqqiyoti va ravnaqiga munosib hissalarini qo‘shib kelganlar.
Biz o‘tmishni yodga olar ekanmiz, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimiz, jahongir bobolarimiz qatorida, mana shunday buyuk insonlarni dunyoga keltirib, mehr bilan tarbiyalagan, ularni ulug‘vor ishlarga ruhlantirib, har bir ishda kamarbasta bo‘lgan fozila ayollarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz”, degan davlat rahbari yig‘ilish avvalida.
Davlat rahbari kirish so‘zida davom etarkan, undu Qur’oni karim oyatlaridan keltirib shunday deydi:
“Donishmand xalqimiz hamisha ayollarni e’zozlab yashagan, xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatib yashash el-yurtimizga xos azaliy qadriyatga aylangan.
Buni muqaddas Qur’oni karimning eng katta suralaridan biri – “Niso”, ya’ni “Ayollar” deb atalishi ham tasdiqlaydi. Alloh taolo ushbu surada insonlarni ayollarga adolatli munosabatda bo‘lishga da’vat etadi.
Muqaddas hadisi shariflarda ham xotin-qizlarga doimo yaxshilik qilish buyurilgan.
Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi ulug‘ ajdodlarimiz, ma’rifatparvar jadidlarimiz ham oilaning tinch, mustahkam va farovon bo‘lishida, farzandlar tarbiyasida xotin-qizlarning o‘rni va ta’siri beqiyos ekanini alohida ta’kidlaganlar.
Bugungi kunda muhtarama opa-singillarimiz jamiyatimizda olib borilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar jarayonida, boshqaruv tizimida, tadbirkorlik, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalarida, mahallalarda qanchalik fidokorona mehnat qilib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz", deydi davlat rahbari.
Live
Barchasi