Qo‘ldan qo‘lga o‘tayotgan qudrat – 4 yilda 4 marta o‘zgargan Prezident Administratsiyasi
Tahlil
−
01 iyul 14805 9 daqiqa
Prezident Administratsiyasi. U Yangi O‘zbekistondagi eng qudratli, cheksiz imkoniyatlarga ega tuzilma va doimiy e’tibor markazida. Har yili biror o‘zgarishga yuz tutadigan idora. 2018 yilda tashkil etilgan Yangi Prezident Administratsiyasi aslida 1991 yildan mavjud bo‘lsa-da, u turli yillarda turlicha nomlangan – xalq tilida asosan Prezident Apparati, Prezident Devoni nomlari ko‘p tarqalgan. Ikkinchi ma’muriyat davrigacha tashkilot haqida gap ochilganda faqatgina sanoqli odamlar, u, ayniqsa, Zelimxon Haydarov va Xayriddin Sultonov nomi bilan tilga olinar edi. Sultonov maslahatchilardan biri, Haydarov esa ishlar boshqaruvchisi bo‘lgan, xolos.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 26 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan tuzilma 2020 yildan 2025 yilgacha o‘tgan 5 yil davomida 5-marta o‘zgarishga yuz tutdi. Uni bugungacha Zaynilobiddin Nizomiddinov, Sardor Umurzoqov, Aziz Mag‘rupov boshqardi. Navbat esa Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaga. Bugun shular haqida gaplashamiz.
2018 yildan Prezident Devonidan Prezident Administratsiyasiga o‘zgartirilgan tuzilmada yana Xayriddin Sultonov maslahatchi va spichrayter lavozimini o‘zida saqlab qoldi. Zelimxon Haydarov esa Moliya-xo‘jalik departamenti rahbari lavozimiga tayinlandi. 24 yil davomida sobiq Milliy xavfsizlik xizmati raisi bo‘lgan Rustam Inoyatovga esa Prezidentning islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi topshirildi. Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimiga esa Zaynilobiddin Nizomiddinov, Aziz Mag‘rupov, Alisher Paygamov, Komil Allamjonov Administratsiya rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
Ushbu o‘zgarishlardan bir oy o‘tib, 2018 yilning 3 oktyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Komil Allamjonov lavozimidan ozod etildi. Oradan ikki oy o‘tib, 28 noyabr kuni Allamjonov o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 2 fevralda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan tuzilma Prezident Administratsiyasi huzuriga o‘tkazildi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi deya qayta nomlandi.
O‘sha yilning 12 aprel kuni agentlikda Administratsiya rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida yig‘ilish o‘tkazilib, Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shu kundan Allamjonov va Mirziyoyeva tandemi start oldi va ularning AOKAdagi ilk qadamlari anchayin muvaffaqiyatli bo‘ldi. Allamjonov va Mirziyoyeva rahbarlik chog‘ida o‘zlarini mamlakatda matbuot va so‘z erkinligining himoyachilari, jurnalist va blogerlar huquqlari posbonlari sifatida tamsil eta oldi, jurnalistlar bilan do‘stona muloqot muhitini yo‘lga qo‘ydi. Ular davrida jurnalistlar va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi ko‘rinmas devorlar yo‘qolgandek bo‘ldi, davlat tashkilotlariga matbuot kotiblari tayinlandi, ularning mavqei oshirildi. Jurnalistlarga nisbatan tazyiq, tahdid, tuhmat va bosimlar sezilarli kamaydi, mavjud holatlarga ko‘z yumilmay, idoralarda muhokama qilinishiga sabab bo‘ldi. Ular davrida mamlakat so‘z erkinligi bo‘yicha reytinglarda yuqoriladi. Matbuotda tanqidiy ruhdagi materiallar soni anchayin ortdi.
Ammo ularning AOKAdagi faoliyati uzoqqa bormadi. Tayinlovdan 10 oy o‘tib, 2020 yilning 29 yanvar kuni yana AOKAda va yana Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida yig‘ilish o‘tkazilib, Allamjonov va Mirziyoyevaning ixtiyoriga binoan ular lavozimidan ozod etilgani aytildi.
Oradan ikki kun o‘tib, 31 yanvardan Allamjonov va Saida Mirziyoyeva yangi tashkil etilgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi va o‘rinbosari lavozimida ish boshladi.
Aslida Prezident Administratsiyasidagi katta o‘zgarishlar silsilasining debochasi 2021 yilga borib taqaladi. O‘sha yilning 24 mart kuni ancha vaqtgacha Komil Allamjonovdan keyin bo‘sh qolgan va birmuncha vaqt Ommaviy axborot vositalari, televideniye va matbuotni rivojlantirish shu’basi mudiri Dilnoza Ziyomuhamedova tomonidan boshqarilgan Prezident matbuot xizmati rahbarligiga ega topildi. Shu kuni Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Sherzod Asadov Prezident Administratsiyasi raisi o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi lavozimiga tayinlandi. O‘shanda Allamjonov ushbu tayinlovga izoh berib, tayinlov faqat yaxshilikka xizmat qilishini urg‘ulagandi va Sherzod Asadovni “tajribali, xalqaro tashkilotlar talablarini yaxshi tushunadigan yetuk kadr”, deya e’tirof etgandi.
2022 yilda O‘zbekistonda Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi belgilandi va tartib-taomilga ko‘ra, yangi tahrirdagi Konstitutsiya xalq muhokamasiga qo‘yildi. 1-2 iyul kunlari esa Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, xususan, Qoraqalpog‘istonning avtonom respublika maqomi olib tashlanayotgani bo‘yicha ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Unda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Ushbu voqealar fonida Nukusga yetib borgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda, Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini aytdi. Bosh prokuratura sodir etilgan qo‘poruvchilik harakatlari sababli Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Norozilik chiqishlaridan 5 kun o‘tib, 8 iyul kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov lavozimidan ozod etildi. Nizomiddinov ishdan Nukus voqealari uchun bo‘shatilgani rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik tomonidan shunday taxmin qilindi. Biroq Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov uning iste’fosini salomatligidagi muammolar bilan izohladi. Ammo Nizomiddinovning Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimida ishlashga pand bergan salomatligi o‘sha kunning o‘zida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari lavozimini egallashiga to‘sqinlik qilmadi.
Nizomiddinovdan bo‘shagan o‘rin ham uzoq vaqt bo‘sh qolmadi. Bir hafta o‘tib, uning yangi egasi chiqdi. Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Sardor Umurzoqov 16 iyul kuni Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi.
Umurzoqov ushbu lavozimda ish boshlaganidan keyin esa atrofida o‘z komandasini to‘plashni boshladi va 23 iyun kuni Sunnatilla Bekenov Administratsiya rahbarining yordamchisi lavozimiga tayinlandi. Hisob palatasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Saidlaziz Saidkarimov 24 avgust kuni Administratsiyaning Nazorat inspeksiyasi boshlig‘i o‘laroq ish boshladi. 2 noyabr kuni Ulug‘bek Qurbonov Administratsiya rahbari o‘rinbosari – Prezident protokoli rahbari lavozimiga tayinlandi.
Sardor Umurzoqov Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlanganidan 10 kun o‘tib, 26 iyul kuni Komil Allamjonov yana Administratsiyaga qaytdi va idora rahbarining o‘rinbosari lavozimida ish boshladi.
Bu orada esa Saida Mirziyoyeva Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondidagi faoliyatini davom ettirdi. Oradan qariyb 4 oy o‘tib, 2022 yilning 14 noyabr kuni u ham Allamjonov ortidan Prezident Administratsiyasida Ijro etuvchi apparatning Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri lavozimida ish boshladi. Saida Mirziyoyevaning faoliyati esa mamlakatning xorijdagi imijini rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar bilan muloqot o‘rnatish, madaniyat va san’at, ta’lim, ommaviy axborot vositalari faoliyati, xotin-qizlar huquqlari, qo‘yingki, deyarli barcha sohalarni qamrab oldi. U 2023 yilning mart oyida AQSHga bordi, BMTda nutq qildi. Prezident Bayden ma’muriyati vakillari bilan uchrashdi, Davlat departamentida mehmon bo‘ldi. Hatto, Oq uyga ham taklif qilindi. Garchi uning AQSH Prezidenti qarorgohiga borgani Prezident Administratsiyasi tomonidan ochiqlanmagan bo‘lsa-da, bu sirni AQSHning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Jozef Bayden oshkor qildi. 2023 yilning avgustida Jozef Bayden Prezident Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘llab, Saida Mirziyoyevani Oq uyda kutib olish sharafiga muyassar bo‘lganidan mamnuniyat bildirdi. Uning ayollar huquqlari va gender tenglikni himoya qilayotganini olqishladi.
Bu orada 7-8 oy Prezident Administratsiyasi koridorlaridan sas chiqqani yo‘q. Administratsiyada 2023 yilning yoziga kelib oyoq tovushlari eshitila boshladi. Iyun oyida Prezident farmoni bilan Mansurbek Polvonzoda Olloyorov Prezidentning ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori etib tayinlandi. 17 avgust kuni Sunnatilla Bekenov Husanovich Prezident Administratsiyasi rahbari yordamchisi lavozimidan ozod etildi. Xuddi shu kuni Administratsiya rahbari Sardor Umurzoqov lavozimidan olindi. Uning iste’fosi lavozimi tugatilishi bilan izohlandi. U shu kuniyoq Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.
Oradan bir hafta o‘tib, 2023 yilning 25 avgust kuni Prezident Administratsiyasining yangi tarkibi tasdiqlandi va unga ko‘ra, Aziz Mag‘rupov, Saida Mirziyoyeva Prezident yordamchisi lavozimiga tayinlandi. Komil Allamjonovga esa yangi tarkibda ham qolish, Axborot siyosati departamentining rahbari bo‘lish nasib qildi. Shuningdek, Sherzod Asadov ham Matbuot kotibi lavozimini o‘zida saqlab qoldi.
Yangi tarkibda Ravshan Gulyamov Iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha, Alisher Sultonov Energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha, Shuhrat G‘aniyev Agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha, Muzaffar Komilov Din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha, G‘ofurjon Mirzayev Kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha, Doniyor Qodirov Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimlariga tayinlandi.
Odil Abdurahmonov Ijtimoiy rivojlanish departamenti, Qahramon Quronboyev Yoshlar siyosati departamenti, Alisherbek Paygamov Tashqi aloqalar departamenti, Nodirjon Abdurahimov Rejalashtirish va axborot ta’minoti departamenti, O‘tkirjon Qodirov Hududlar bilan hamkorlik qilish va tahliliy materiallarni tayyorlash departamenti, Ulug‘bek Qurbonov Prezident protokoli rahbari, Saidlaziz Saidkarimov Nazorat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Bir vaqtlar Prezident matbuot xizmatini boshqargan Dilnoza Ziyomuhamedova esa Prezident yordamchisi kotibiyati mudiri lavozimiga tayinlandi.
Yana bir yil Prezident Administratsiyasida barqarorlik hukm surdi. Hamma o‘z o‘rnida, kelgan-ketgan bo‘lmadi. Sukunatni yana Komil Allamjonovning iste’fosi buzdi. Yangi tarkibda ish boshlaganidan bir yil-u bir oy o‘tib, 2024 yilning 2 oktyabr kuni Allamjonov yana xususiy sektorda faoliyatini davom ettirmoqchiligi vaji bilan Administratsiyani tark etdi. Uning galdagi ketishida esa Administratsiya tarixida kuzatilmagan holat qayd etildi. Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva unga shaxsan minnatdorlik bildirib, kuzatib qo‘ydi va Allamjonov-Mirziyoyeva suhbati aks etgan video ularning sahifalarida tarqatildi.
Allamjonov Prezident Administratsiyasidan ketganidan bir oy o‘tib esa unga nisbatan suiqasd amalga oshirildi. Bu voqea tafsilotlariga takroran to‘xtalib o‘tirmaymiz, zotan hammasini yaxshi bilasiz.
Suiqasd bilan bog‘liq holatlarga aniqlik kiritilib, uni amalga oshirganlar ham, buyruq berganlar ham, yashirishga uringanlar ham jazosini olib bo‘lgach, Allamjonov yana Administratsiya koridorlarida ko‘rinish bera boshladi. Prezident Administratsiyasi tomonidan Saida Mirziyoyeva faoliyati haqida tayyorlangan turkum videolarning ikkitasida Komil Allamjonovni ko‘rish mumkin.
Oradan ko‘p o‘tmay, uning ushbu videolardagi ko‘rinishi sababi ayon bo‘ldi. Gap shundaki, o‘tgan hafta – 23 iyun kuni Prezident farmoni bilan Administratsiya tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritildi va Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi tashkil qilindi. Ushbu lavozimga Saida Mirziyoyeva tayinlandi. Allamjonov esa uchinchi marta Administratsiyada ish boshlab, Mirziyoyevaga jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchi etib tayinlandi. Prezident yordamchisi kursisini egallab kelayotgan Aziz Mag‘rupov esa Prezidentning tashqi investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Mag‘rupovdan bo‘shagan o‘rinda esa shu kungacha Prezidentning huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Bekzod Mavlonov ish boshladi.
Yuqoridagi xronologiya biroz chalkash, biroq undan ilg‘anadigan asosiy narsa shuki, Prezident Administratsiyasi rahbariyati va faoliyat shakli 2022 yildan buyon deyarli har yili o‘zgarib borayotganidir. Ko‘ramiz, kelgusi o‘zgarishlar qanday kechadi?
Live
Barchasi