Ozarbayjon Avstriya va Germaniyaga gaz yetkazib berishni boshladi
Olam
−
17 yanvar 2158 2 daqiqa
Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi Avstriya va Germaniyaga tabiiy gaz yetkazib berishni boshlamoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
“2026 yil yanvaridan boshlab Ozarbayjon gazi Avstriya va Germaniya, shuningdek boshqa davlatlardagi xaridorlarga yetkazib beriladi”, deyiladi bayonotda.
Gap yoqilg‘ini Italiya orqali Transadriatik gaz quvuri (Trans Adriatic Pipeline, TAP – Janubiy gaz yo‘lagining Yevropa segmenti) orqali tashish haqida bormoqda. Shu tariqa Ozarbayjon gazini xarid qilayotgan davlatlar soni 16 taga yetadi. Germaniya va Avstriyadan tashqari ozarbayjon gazi Italiya, Gretsiya, Bolgariya, Ruminiya, Vengriya, Serbiya, Sloveniya, Xorvatiya, Slovakiya, Shimoliy Makedoniya, Ukraina, Turkiya, Gruziya hamda Suriya davlatlariga yetkazib berilmoqda.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Ozarbayjon Prezidenti rahbarligida ishlab chiqilgan gaz strategiyasiga muvofiq, SOCAR Yevropa va Yaqin Sharqda gaz yetkazib berish faoliyatini izchil kengaytirib bormoqda.
“Trend”ning yozishicha, 2020 yil oxirida TAP ishga tushirilganidan buyon ushbu yo‘nalish orqali Yevropaga jami 54,3 milliard kub metr gaz yetkazib berilgan. 2025 yilda Ozarbayjon gazining eksporti 25,2 milliard kub metrni tashkil etgan. Shundan 12,8 milliard kub metri Yevropaga, 9,6 milliard kub metri Turkiyaga, 2,3 milliard kub metri Gruziyaga va 0,5 milliard kub metri Suriyaga eksport qilingan.
2025 yil yozida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Suriyaga Ozarbayjon gazini yetkazib berish boshlanishini e’lon qilgan. U Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng hokimiyatga kelgan yangi Suriya rahbariyati bilan tegishli kelishuvga erishgan.
Shu davrda Ukraina ham Ozarbayjondan gaz yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni istagan va Bakuga o‘zining yerosti gaz omborlaridan foydalanishni taklif qilgan. 2024 yilda RBK Ukraina nashri Kiyev Ozarbayjonni gaz eksportchisi, Slovakiyani esa xaridor sifatida jalb etgan holda, Rossiya gazining Ukrainadan Yevropaga tranzitiga muqobil sxema taklif qilganini yozgan.
Live
Barchasi