OFK klublar reytingini yangiladi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Sport
−
25 fevral 8086 1 daqiqa
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) qit’a klublarining yangilangan reytingini e’lon qildi. Unda O‘zbekiston jamoalari 10-o‘rindan joy oldi.
Yangilangan reytingda O‘zbekiston klublari 46.6 ball bilan 10-o‘rinni band etgan. 9-pog‘onada borayotgan Avstraliya hisobida ham 46.6 ball mavjud.
O‘zbekiston klublari uchun yakuniga yetgan xalqaro mavsumda Qarshining “Nasaf” va Vodiyning “Andijon” jamoalari ishtirok etdi. Har ikkala klub ham ishtirokini guruh bosqichidayoq yakunladi.
Osiyoning eng kuchli 10 ta mamlakati:
- Saudiya Arabistoni – 122 ball;
- Yaponiya – 109 ball;
- Janubiy Koreya – 85.5 ball;
- BAA – 74.2 ball;
- Eron – 68.9 ball;
- Qatar – 64.5 ball;
- Tailand – 58.7 ball;
- Xitoy – 49.4 ball;
- Avstraliya – 46.6 ball;
- O‘zbekiston – 46.6 ball.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston peshqadamlik qilmoqda. Turkmaniston 19-o‘rinda (25.8 ball), Tojikiston 23-o‘rinda (21.6 ball) hamda Qirg‘iziston 26-o‘rinda (19.3 ball) qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, yangi 2026-2027 yilgi mavsumda Farg‘onaning “Neftchi” Elit Osiyo Chempionlar ligasida, Toshkentning “Paxtakor” klubi esa Osiyo Chempionlar ligasi 2 turnirida ishtirok etadi.
Live
Barchasi