Ocharchilikda qolgan “Tolibon” BMT bilan muzokaralarni boshlamoqda
Olam
−
14 yanvar 2022 6797 2 daqiqa
Afg‘onistonda hukumatni qo‘lga olgan “Tolibon” xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda mamlakat uchun iqtisodiy yordamlarni qayta yo‘lga qo‘yadigan yangi, tarkibida o‘z vakillari bo‘lgan qo‘mita tuzishni taklif qildi.
Iqtisodiy sanksiyalar qurshovida qolgan Afg‘onistonning bu taklifini BMT yoki birorta xalqaro tashkilot qo‘llab-quvvatlashi hozircha noma’lum.
2021 yil avgustda hukumat “Tolibon” qo‘liga o‘tishi ortidan AQSH harbiylari mamlakatni tark etib, hukumatga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy etila boshladi. Shusiz ham qiyinchiliklar bilan kun kechirayotgan mamlakat iqtisodiy sanksiyalar sababli jar yoqasiga kelib qolgan.
“Tolibon”ga nisbatan joriy qilingan G‘arb sanksiyalari oziq-ovqat va dori-darmon ta’minoti bo‘yicha xalqaro yordamlarning ham to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan. Ammo 2021 yil dekabr oyi ohirida AQSH va BMT Xavfsizlik Kengashi joriy qilingan cheklovlarni yumshata boshladi.
2022 yil 11 yanvar kuni BMT xalqaro donorlardan Afg‘oniston uchun 2022 yilda gumanitar yordam sifatida 4,4 milliard dollar so‘ragan, Oq uy esa mamlakatga qo‘shimcha 308 million dollar xayriya qilishini e’lon qilgan.
“Ushbu qo‘mitaning asosiy maqsadi xalqaro hamjamiyatning gumanitar yordamlarini yanada yuqori darajada muvofiqlashtirish va uni haqiqatan ham muhtoj bo‘lgan odamlarning qo‘liga yetib borishini ta’minlashdan iborat”, deya bildirgan Qobulda BMT vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Salam Hanafiy.
Iqtisodiy inqiroz kuchaygani sari millionlab odamlar och qolishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlar ortidan, xorijiy hukumatlar Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini ko‘paytirmoqda. Ammo xalqaro tashkilotlar ajratilgan yordamlar hukumatning aralashuvidan xoli bo‘lishini xohlashmoqda.
Afg‘oniston Moliya vazirligi Matbuot kotibiga ko‘ra, yangi qo‘mita tuzish bo‘yicha BMT va hukumat o‘rtasidagi muzokaralar yaqin 24 soat ichida o‘tkazilishi kutilmoqda.
BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari Ramiz Alakbarovning “Reuters” axborot agentligiga bildirishicha, BMTning gumanitar yordam bo‘yicha tashkilotlari allaqachon “Tolibon”ga o‘z talablarini qo‘yishni boshlagan.
Live
Barchasi