Nazarboyev To‘qayev uning lavozimini egallaganiga munosabat bildirdi
Olam
−
29 yanvar 2022 16852 2 daqiqa
Kecha, 28 yanvar kuni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev mamlakatning hukmron “Nur-Otan” partiyasi raisligidan ketgani, uning o‘rnini amaldagi Prezident Qosim-Jomart To‘qayev egallagani haqida xabar bergan edik.
“Nur-Otan” partiyasining navbatdan tashqari qurultoyida ishtirok etgan Nazarboyev lavozimni To‘qayevga topshirgani haqida fikr bildirib o‘tgan.
“Oxirgi bir yarim yil ichida partiya jiddiy tizimli qayta ishga tushirishni boshdan o‘tkazdi. Men partiyaning to‘liq nazoratini amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart Kemelevich To‘qayevga o‘tkazilishini ushbu jarayonning so‘nggi bosqichi deb bilaman. Partiyaga Prezident saylovida nomzodi ko‘rsatilgan va uni qo‘llab-quvvatlagan shaxs rahbarlik qilishi kerak. Bugun Qozog‘iston Prezidenti rahnamoligida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar majmuasi amalga oshirilmoqda. “Nur Otan” partiyasi barcha zarur resurslarga ega bo‘lgan holda ularni amalga oshirishda ishonchli yordamchiga aylanishi kerak”, degan Elboshi.
Elboshi o‘z nutqi davomida “Nur Otan” partiyasi mamlakatdagi asosiy siyosiy kuch ekanligini ta’kidlagan.
“Jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilgan partiya mustaqilligimiz va davlatchiligimiz himoyasi tarafdori bo‘lib kelgan. Birgalikda biz ko‘p narsaga erishdik. Eng muhimi, Qozog‘istonning yanada rivojlanishi uchun ishonchli poydevor yaratildi. Bu harakatni davom ettirish muhimdir”, degan Birinchi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning noyabr oyida siyosiy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida Nursulton Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi raisi vakolatlarini topshirishga qaror qilgan edi. U partiyani mamlakat Prezidenti boshqarishi kerakligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Nursulton Nazarboyev 2019 yil mart oyida lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirgan.
Joriy yilning yanvar oyi boshida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklar ortidan Nazarboyev Prezident lavozimidan ketganidan keyin o‘zida saqlab qolgan lavozimlarni birin ketin topshirdi. Bularning orasida Xavfsizlik Kengashi raisi, Xalq Assambleyasi raisi lavozimlari bor.
Endilikda Elboshini qator huquqlardan ham mahrum qilish harakati boshlangan. Xususan, 27 yanvar kuni Qozog‘iston parlamenti Senati respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik Kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga (QXA) umrbod raisligini bekor qilishni ko‘zda tutuvchi qonunni qabul qildi.
Shu bilan birga, senatorlar qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida yana bir tuzatish kiritdilar. Unga ko‘ra, “Birinchi Prezident to‘g‘risida”gi qonunda tashqi va ichki asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha tashabbuslar Elboshi bilan kelishilishi haqidagi band chiqarib tashlanyapti. Loyiha muhokama uchun Majlisga yuborilgan.
Live
Barchasi