NATO davlatlari umumiy razvedka tarmog‘ini yaratadi
Olam
−
16 fevral 2023 4099 2 daqiqa
NATOga a’zo 16 ta davlat hamda Finlyandiya va Shvetsiya vakillari kecha, 15 fevral kuni Bryusselda sun’iy yo‘ldosh razvedkasining umumiy tarmog‘ini yaratish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Bu haqda NATOning rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ittifoq tomonidan qabul qilingan hujjatni AQSH, Buyuk Britaniya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Ruminiya, Turkiya, Fransiya, Finlyandiya va Shvetsiya vakillari imzolagan. Bu tashabbus AQSH va Finlyandiya tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan.
Imzolangan hujjatda xalqaro hamkorlik va milliy kosmik imkoniyatlardan birgalikda foydalanish orqali koinotdan kuzatish imkoniyatlarini takomillashtirish asoslarini ishlab chiqish istagi bildirilgan. Imzolovchi davlatlar sun’iy yo‘ldoshlardan ma’lumotlarni almashish, ma’lumotlarni imkoniyatlar doirasida qayta ishlash, foydalanish va tarqatish hamda tijorat kompaniyalaridan axborot sotib olish uchun mablag‘ bilan ta’minlash imkoniyatlarini o‘rganadilar. Ukrainadagi mojaro NATO davlatlari orasida bunday hamkorlik zarurligini ko‘rsatgan.
Kelishuv bo‘yicha koinot tashabbusi ittifoqining doimiy kuzatuvi 2025 yilda ishga tushishi kutilmoqda. Uni moliyalashtirish uchun birinchi bo‘lib Lyuksemburg hukumati 16,5 million yevro ajratgan.
Shuningdek, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg blok fuqarolik va harbiy sun’iy yo‘ldoshlari ma’lumotlarini, shu jumladan, razvedka, strategik mudofaa va raketa uchirilishini aniqlash maqsadlarida birlashtiruvchi virtual tarmoq yaratish qarorini ma’qullashini ma’lum qilgan. Bu maqsadlar uchun virtual sun’iy yo‘ldosh turkumi Aquila yaratilishi e’lon qilingan.
Alyansning ta’kidlashicha, yangi tashabbus NATOning koinotdan ma’lumotlarni yig‘ish va undan foydalanish usulini o‘zgartiradi, NATOning razvedka imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilaydi, shuningdek, NATO harbiy missiyalari va operatsiyalariga katta yordam beradi.
Live
Barchasi