Namanganda 4 farzandning onasiga o‘n to‘qqizinchi marotaba sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
11 noyabr 2020
23204Namanganda 34 yoshli ayol o‘n to‘qqizinchi marotaba sudlandi. U firibgarlik jinoyatini sodir etgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Gumonlanuvchi Dildora (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 1986 yilda Namangan viloyati, Chortoq tumanida tug‘ilgan bo‘lib, hozirda 4 farzandning yolg‘iz boquvchisi. U joriy yilning 18 may kuni Farg‘ona shahrida zargar bo‘lib ishlovchi Rustamga bir dona ayollar tilla zanjirini sotish jarayonida, uning e’tiborsizligidan foydalanib, haqiqiy tilla buyumni misdan ishlangan zanjirga almashtirib qo‘ygan. Shu tariqa u Rustamning 2 900 000 so‘m pullarini qo‘lga kiritib, voqea joyidan qochib yashirgan. Dildora xuddi shu tarzda shu kunning o‘zida Farg‘ona shahrida Orasta ismli fuqaroning 3 000 000 so‘m pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Bu jarayonga u voyaga yetmagan singlisi Sadoqatni ham jalb qilib, uni Qo‘qon shaharida yashovchi tanish ayolning xonadonidagi tilla zanjirlarni firibgarlik yo‘li bilan mis taqinchoqlarga almashtirib, olib chiqishiga da’vat etgan. Shu tarzda ular 400 AQSH dollari miqdoridagi pullarini qo‘lga kiritgan.
Suddan gumonlanuvchining jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagani, voyaga yetmagan to‘rt nafar farzandlari borligi, oilada yagona boquvchi ekanini inobatga olib, yengillik berish so‘ralgan.
Sud “Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi” deb ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 5-qismidagi talablarga rioya qilib, Dildoraga JKning 59-moddasi 3-qismi va 60,61-moddalari tartibida ozodlikni cheklash va jarima jazolari tayinlashni lozim topdi.
Shuningdek, Dildoraga soat 21:00 dan ertalab soat 6:00 gacha yashash joyidan chiqmaslik, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, yashash joyi o‘zgarib qolsa, bu haqda nazorat olib boruvchi organga xabar berish kabi taqiqlar yuklandi.
Dinara Yusupova
LiveBarchasi