Naqd pul to‘lovlari cheklangach nimalar o‘zgardi? Biznesda ilk natijalar

Biznes

image

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab O‘zbekistonda ayrim tovar va xizmatlar uchun naqd pul hisob-kitoblarini cheklovchi yangi qoidalar kuchga kirdi. Mazkur o‘zgarishlar yuzasidan Japan Tobacco International (JTI) kompaniyasi ham o‘z munosabatini bildirdi. Kompaniya fikricha, yangi tartib bozor shaffofligini oshirish, yashirin aylanmani qisqartirish va naqdsiz to‘lovlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistondagi JTI direktori Dmitriy Apalikov mazkur islohotlar bozorga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani va biznesdagi dastlabki natijalar haqida fikr bildirdi.

“Naqd pul hisob-kitoblarining cheklanishi O‘zbekistonda savdo hajmining kamayishiga olib kelmadi va allaqachon bozor shaffofligini oshirishga xizmat qilmoqda. JTI naqdsiz to‘lovlar joriy etilishiga juda ijobiy munosabat bildirdi, chunki kompaniya to‘liq qonuniy biznes yuritadi”, – dedi Dmitriy Apalikov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratilishi soha rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tish esa, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash va yanada shaffof raqobat muhitini shakllantirish yo‘lidagi islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

“Naqdsiz to‘lovlar joriy etilgach, bizga endi yashirin sxemalar bilan raqobatlashishga to‘g‘ri kelmayapti va biznesimiz yanada prognoz qilinadigan bo‘ldi. Yangi chora O‘zbekistonda noqonuniy bozorga qarshi kurashning tabiiy davomi hisoblanadi”, – dedi u.

Apalikovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bozori tarkibiy o‘zgarishlar bosqichidan o‘tmoqda va tartibga solish nuqtai nazaridan tobora yetuklashib bormoqda.

“Davlat mahsulotlar aylanmasini nazorat qilish va “kulrang” bozorga qarshi kurash bo‘yicha izchil qadamlar tashlayotganini ko‘ryapmiz. Bu esa, butun biznesni yanada qonuniy faoliyat yuritishga, komplayens tizimlariga sarmoya kiritishga va raqamli yechimlarni rivojlantirishga undamoqda”, – dedi u.

Kompaniya bahosiga ko‘ra, yangi qoidalar joriy etilganidan keyin bozor jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmagan.

“Do‘konlar naqdsiz ishlash formatiga allaqachon moslashib bo‘ldi: iste’molchilar kartalar orqali faol to‘lov qilmoqda. Savdo hajmlari o‘z darajasini saqlab qoldi, hatto ayrim savdo nuqtalarida o‘sish ham kuzatilmoqda. Bu tabiiy holat, chunki har qanday o‘zgarishga xaridorlarning moslashishi uchun vaqt kerak bo‘ladi”, – dedi JTI direktori.

Uning ta’kidlashicha, naqdsiz to‘lovlarga o‘tishda raqamli infratuzilmaning rivojlanishi va zamonaviy to‘lov usullarining kengayishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Kompaniyaning fikricha, xalqaro biznes uchun tartibga solish tizimining barqarorligi va davlat bilan ochiq muloqot hal qiluvchi omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

“Biznes uchun islohotlarning aniq yo‘nalishi va davlat hamda tartibga soluvchi organlar bilan ochiq muloqot nihoyatda muhim. Bu uzoq muddatli strategiya tuzish va mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritish imkonini beradi”, – dedi Dmitriy Apalikov.

Kompaniya O‘zbekiston bozoriga sarmoya kiritishni davom ettirish, chakana savdo kanallari va distributsiya tarmog‘ini rivojlantirish, shuningdek, hamkorlar va xodimlar uchun raqamli yechimlarni joriy etishni rejalashtirmoqda.

Xalqaro tajriba haqida gapirar ekan, Apalikov Ozarbayjon misolini keltirdi. Uning aytishicha, bu mamlakatda ham tamaki sanoati naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tishning o‘xshash bosqichidan o‘tgan.

“Amaliyotim davomida Ozarbayjonda sohaning naqdsiz operatsiyalarga o‘tishi iqtisodiyotga qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilganiga guvoh bo‘lganman. Xalqaro kompaniya sifatida biz ushbu tajribani ulashish va hamkorlarimizga jarayonlarni raqamlashtirishni tezlashtirishda yordam berishimiz mumkin”, – dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya allaqachon hamkorlar va distribyutorlar uchun raqamli yechimlar ishlab chiqishda ishtirok etyapti. Bu esa, yangi to‘lov mexanizmlariga o‘tishni imkoni qadar tez va qulay amalga oshirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, ekspertlar va biznes vakillari naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tish iqtisodiyotni raqamlashtirishning bir qismi bo‘lib, moliyaviy jarayonlarni yanada shaffof qilish va yashirin aylanmani qisqartirishga yordam berishini ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar