Nyu-Orleanda yuk mashinasi olomonni bosib ketdi. Fojia terakt sifatida baholanmoqda
Olam
−
02 yanvar
5100Amerikaning Nyu-Orlean shahrida Yangi yil dahshatli hujum bilan boshlandi. 1 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 03:15 da yuk mashinasi haydovchisi Burbon va Ibervil turistik ko‘chalari kesishmasida bayram o‘tkazayotgan olomon ustiga katta tezlikda borgan. Bu haqda ABC telekanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kamida 15 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohatlangan. Shuningdek, otishmada ikki politsiyachi yaralangan. Federal qidiruv byurosi ham hujum joyida portlovchi moslamalarni topgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, odamlarni urgach, yuk mashinasi haydovchisi kabinadan chiqib, o‘q uzgan. Internetda buni tasdiqlovchi lavhalar paydo bo‘lgan. Politsiya xodimlari ham o‘q uzganiga qaramay, hujumchi qochishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq keyinchalik u zararsizlantirilgan.
“Huquq-tartibot idoralari vakillarining aytishicha, u avtomat bilan mashinasidan tushayotganida politsiya tomonidan otib tashlangan”, deb xabar beradi ABC telekanali.
Keyinroq manbalar hujumda gumonlanuvchini 42 yoshli Shamsud Dim Jabbor ekanini aytdi. FQB ham hujumchi Shamsud ismli 42 yoshli AQSH fuqarosi ekanini tasdiqlagan. Uning mashinasidan ISHID bayrog‘i va ikkita qo‘lbola portlovchi qurilma topilgan va zararsizlantirilgan.
“Hujumchi yolg‘iz harakat qilmagan, deb ishonishga asos bor”, deya qo‘shimcha qildi FQB.
Uning terrorchilik tashkilotlariga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Nyu-Orlean meri LaToya Kantrell voqeani terakt deb atadi. Uning aytishicha, hujum maqsadli va rejalashtirilganligiga shubha yo‘q.
AQSH Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, hujumchi ijtimoiy tarmoqda video chop etgan, undan ko‘rinib turibdiki, u hujumni amalga oshirayotganda ISHID g‘oyalaridan ilhomlangan va “o‘ldirish istagini” his qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 20 dekabr kuni Germaniyaning Saksoniya-Angalt federal yeri poytaxti Magdeburg shahrining markazida joylashgan Rojdestvo yarmarkasida BMW katta tezlikda olomonni bosib ketgandi. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, 60 dan ortiq odam jarohatlangan.
LiveBarchasi