Kurs UZS

USD

12 937.16

23.97

EUR

13 937.20

28.4

RUB

154.55

0.38

Muammoni yoritgan jurnalist sudga berildi

3-sahifa

“Mening Yurtim” telekanali muxbiri Ruxsora G‘afurova Jizzax viloyatida Xalq banki xodimasi bir necha fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, uni o‘zlashtirib yuborgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Unda murojaatchilar ikki yildirki oylik va pensiya mablag‘lari o‘zlarining nomiga bank xodimi tomonidan olingan kredit sabab bankka o‘tib ketayotganini aytishgan.

“Plastikka qancha oylik tushsa, hammasini olyapti, hammasini yechib oladi, tiyin-tiyinigacha yechib oladi. Bolalarning qo‘shimcha darslari bor edi, pulimiz yetmayotgani uchun hatto qo‘shimcha darslardan ham bolamizni oldik. Endi biz, misol uchun, yemagan somsamizga pul to‘lab, u olgan krediti uchun, o‘zining ehtiyojlarga ishlatgan puli uchun bizlar nima uchun unga pul to‘lashimiz kerak?” deya e’tiroz bildirishgan murojaatchilar.

Mazkur surishtiruvdan so‘ng ma’muriy ish ochildi. Lekin kredit pullarni birovning nomiga rasmiylashtirib, uni o‘zlashtirib yuborgani aytilgan bank xodimiga emas, balki bu muammoni yoritib chiqqan jurnalistga.

“Mening Yurtim” telekanali muxbiri Ruxsora G‘afurova ushbu holat bo‘yicha murojaatchilar tomonidan kelib tushgan arizalardan kelib chiqqan holda Xalq bankida jurnalistika surishtiruv o‘tkazgan. Ushbu surishtiruv natijasi bo‘yicha video material ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan, ya’ni e’lon qilingan. Bundan norozi bo‘lib, Gulnur Boltayeva ismli fuqaro, ya’ni o‘sha Xalq banki xodimasi tomonidan sudga murojaat qilingan, ya’ni jurnalist shaxsga doir ma’lumotni oshkor qilganini aytgan va o‘zining arizasiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atishni so‘ragan. Biroq IIO jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilib, ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan”, dedi jurnalistning advokati.

Bugun, 26 fevral kuni mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqilishi kerak edi, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra, sud ishni tergovga qaytarib yubordi.

“Biz ushbu masala bo‘yicha bir necha marta ichki ishlar organlari bilan suhbat o‘tkazganmiz. Lekin profilaktika inspektori ma’muriy ish materiallari bilan tanishishdan bosh tortgan va bizni ish bilan tanishtirmagan. Bugungi kunga qadar ham himoyada to‘liq ma’muriy ish materiallari mavjud emas. Ruxsora G‘afurova ham ma’muriy ish materiallari bilan tanishish bo‘yicha murojaat qilgan. Ammo arizada qanday hujjatlar borligi, nima bilan ayblanayotgani borasida umuman tanishtirib chiqilmagan. Bu ham himoyaning buzilishi hisoblanadi. Lekin bugun sudga kelsak, soat 10:00 dagi sud protsessi bo‘lmaydigan bo‘ldi. Nega bo‘lmaydi? Buni shu yerga kelganda bildik. Sudya aytyapti: “Men bugun soat 10:00 dan sal ertaroq buni ishlar organlariga qaytarib yubordim, chunki ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi materialda kamchiliklar bor. Ularni bartaraf qilish uchun qaytardim”, dedi advokat Davron Ahmedov.

Ushbu holat bo‘yicha jurnalist Ruxsora G‘afurovaning o‘zi ham fikr bildirar ekan, agar bugungi sud bo‘lganida adolatli qaror chiqarilishiga ishonganini aytdi.

“Bugungi kunda o‘zga nomiga kreditlar rasmiylashtirib yuborilganini ko‘ryapmiz. Bu haqida albatta kimdir gapirishi kerak, to‘g‘rimi? Agar bitta holatda bitta kishi jurnalistlarga bir voqeani aytib bersa, bu minglab boshqa holatlarning oldini olishi mumkin”, dedi u.

Xalq banki xodimi jurnalistik surishtiruv davomida uning ismi ochiqlanganidan norozi bo‘lgan va jurnalistni sudga bergan. Ammo surishtiruv davomida fuqaroning o‘zi u nomiga kredit olgan bank xodimining kimligini ochiqlagan. Shu sababdan, jurnalistning advokati uning hech qanday qonun-qoidani buzmaganini aytmoqda. Himoya tomoni fikriga ko‘ra, Ruxsora G‘afurova tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilmagan va shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilishga qaratilgan harakatlar yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

Xalq banki kredit Ruxsora G'ofurova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing