“Ishonch qolmadi”. Timur Musin O‘zbekistondagi uchta biznesini sotuvga qo‘ydi

Jamiyat

image

Caravan Group tarmog‘i asoschisi Timur Musin Toshkent shahridagi “Palov muzeyi”, Caravan nomli restoranlari va Bo‘stonliq tumanidagi Cinara’s majmuasini sotuvga qo‘ydi. Bu haqdagi e’lonlar OLX’da joylashtirilgan.

Joriy yilning 13 aprel kuni umumiy maydoni 5800 kvadrat metr bo‘lgan besh qavatli “Palov muzeyi” restorani sotuvga qo‘yilgan. Ob’ekt Solor kanali bo‘yidagi 20 sotixli hududni o‘z ichiga oladi. Majmua qiymati 150 milliard so‘mga baholangan. 

Shuningdek, binoni bosqichma-bosqich – 1100 kvadrat metrdan boshlab sotish imkoniyati ham mavjud. Shuningdek, Caravan restorani 7 sotixli yer maydonida joylashgan bo‘lib, binoning umumiy maydoni 1800 kvadrat metrni tashkil etadi. Maskan qish mavsumida 250 nafar, yozda esa 490 nafargacha mehmonni qabul qilishga mo‘ljallangan. Ob’ekt narxi – 45 milliard so‘m. 

Bo‘stonliq tumanidagi Cinara’s etnografik majmuasi esa 80 sotix maydonni egallaydi, binolari (nolinchi va birinchi qavatlar) esa 1400 kvadrat metr maydonga ega. Uning qiymati 99 milliard so‘m etib belgilangan.

Tadbirkorni o‘z biznesining bir qismini sotishga sud jarayonlari va investitsiyalarni yo‘qotish xavfi majbur qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, katta miqdorda resurs sarflangan keng ko‘lamli etnografik loyiha tizimli to‘siqlarga duch kelgan.

Xususan, Timur Musin YouTube’da Cinara’s mehmonxonasi va akvaparkiga ega etnografik qishloq qurish loyihasi “murakkab investitsiya muhiti va cheksiz ma’muriy to‘siqlar tufayli noma’lum muddatga” to‘xtatilgani haqida video qoldirgan.

“Muhandislar, arxitektorlar, konstruktorlar, landshaft dizaynerlarining batafsil ishlab chiqqan loyihalariga, shuningdek, xalqaro mehmonxona boshqaruvchilari jamoasining ajoyib mehnatiga qaramay, bir necha million mablag‘ va vaqt boy berildi. Tegishli tuzilmalar tomonidan munosib qo‘llab-quvvatlovning yo‘qligi loyihani hozirgi sharoitda amalga oshirishni imkonsiz qilib qo‘ydi. Jamiyatga foyda keltirishga qodir bo‘lgan keng ko‘lamli tashabbus mamlakatdagi “yashirin to‘siqlar” va adliya tizimiga urilib, chil-chil bo‘lmoqda. Afsuski, ayni damda mavjud muhit xususiy investitsiyalarni noqonuniy tajovuzlar va reyderlikdan himoya qilishga tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi!” deydi tadbirkor. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, nizo Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Chirchiq — G‘azalkent — Chorvoq” avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish uchun 0,7 gektar yerning olib qo‘yilishi bilan bog‘liq. 2023 yil yozida sud tuman hokimligi zimmasiga kompaniyaga 12,5 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklagan. Biroq bu qaror turli darajadagi instansiyalar tomonidan bir necha bor bekor qilingan va 2025 yil avgust oyida ish qayta ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Bundan tashqari, avvalroq quruvchidan 4 gektar hudud olib qo‘yilib, evaziga relefi murakkab bo‘lgan uchastka berilgan. 2025 yil oxirida ma’muriy sud prokuraturaning kompaniyaga 2010 yilda berilgan kadastr hujjatlarini bekor qilish haqidagi da’vosini qanoatlantirgan. 2026 yil boshida Biznes ombudsman 15 yildan keyin hujjatlarni qayta ko‘rib chiqishga yo‘l qo‘yilmasligi va mulk huquqi buzilganini asos qilib, ushbu qaror ustidan shikoyat qilgan.

Ob’ektlarning huquqiy maqomi noaniqligi sababli kompaniya ikkita xorijiy hamkor bilan hamkorlikni to‘xtatgan, bank hisob raqamlarida esa qariyb 10 mln dollar miqdoridagi investitsiyalar muzlatilgan holatda qolgan. Tadbirkor qurilgan binolar bilan birga qariyb 15 gektar yerning olib qo‘yilishini tijorat qiymati bo‘yicha 50 mln dollarga baholamoqda. Hozirda sud jarayonlari iqtisodiy va ma’muriy sudlarda parallel ravishda davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Timur Musin Cinara’s Palov muzeyi Caravan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing