Mirziyoyev Qatarga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
03 noyabr 2664 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan bugun, 3 noyabr kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari Doha shahrida Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi. Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Jahon sammiti davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot uchun muhim platforma bo‘lishga qaratilgan.
Forumning asosiy maqsadi qashshoqlikka barham berish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni faollashtirish, to‘liq va samarali bandlikka ko‘maklashish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash hamda zamonaviy tahdidlar va o‘zaro bog‘liqlik sharoitida ijtimoiy integratsiyani kengaytirishdan iborat.
Sammit yakunida barqaror va inklyuziv ijtimoiy taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish borasida xalqaro sheriklikni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni rivojlantirishga qaratilgan Doha deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi