Mirziyoyev Imomali Rahmon bilan uchrashdi
Jamiyat
−
09 Oktabr 1995 2 daqiqa
Bugun, 9 oktyabr kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Tojikiston Prezidentini Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi samarali bo‘lgani bilan samimiy tabrikladi hamda "Markaziy Osiyo – Rossiya" formatidagi bo‘lajak uchrashuv va MDH sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama hamkorlik ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuv va sermahsul hududlararo aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik asosiy masalalar, shu jumladan joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Bugun, 9 oktyabr kuni tushdan keyin “Rossiya-Markaziy Osiyo” sammiti boshlanadi. Bu formatdagi uchrashuvlarning ikkinchisi bo‘ladi, birinchisi 2022 yil oktyabrida Ostonada o‘tkazilgan. Ushbu formatda Vladimir Putin Markaziy Osiyoning besh davlati – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Prezidentlari bilan uchrashadi. Ushakovning aytishicha, kun tartibida savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsion, sanoat, logistika, energetika va boshqa sohalardagi olti tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Yakuniy hujjat sifatida yetakchilar 20 dan ortiq banddan iborat kommyunike qabul qiladi.
Ertaga, 10 oktyabr kuni Dushanbeda MDH davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etadi. Dastlab faqat davlat rahbarlari va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirokidagi tor doiradagi yig‘ilish bo‘ladi, so‘ngra tushlik atrofida kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuv o‘tkazilib, unda Sergey Lebedev hamda Rossiya inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova so‘zga chiqadi.
Sammitda davlat rahbarlari yangi format – “MDH+”ni tashkil etish masalasini muhokama qiladi. Bu formatga uchinchi mamlakatlarning qo‘shilishi nazarda tutiladi. O‘xshash tizim BRICS va SHHT doirasida ham amal qiladi. Vladimir Putin o‘z nutqi davomida MDH rahbarlarini dekabr oxirida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan norasmiy uchrashuvga Sankt-Peterburgga taklif qiladi. Uning aniq sanasi hozircha belgilanmagan.
Live
Barchasi