Mirziyoyev 7 ta davlatning yangi elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 noyabr kuni yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu elchilar Gretsiyadan Paraskevi Seveleki, Indoneziyadan Siti Ruhayni Juxayatin, Latviyadan Girs Yaunzems, Fransiyadan Valid Fuk, Rossiyadan Aleksey Yerxov, Yaponiyadan Kendzi Xirata va Tojikistondan Nasriddin Ismatullo bo‘lib, ular bilan O‘zbekiston rahbari suhbatlashdi.

“Sizlar bir necha oydan buyon yurtimizda bo‘lib, bugungi kunda mamlakatimiz qanday jadal o‘zgarishlar ruhi bilan yashayotganiga va jahon diplomatiya markazlaridan biriga aylanib borayotganiga shaxsan guvoh bo‘lyapsiz”, dedi Mirziyoyev diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga yo‘llagan tabrigida.

U Gretsiya elchisiga murojaat qilar ekan, yaqin fursatda Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va O‘zbekiston – Gretsiya biznes forumining samarali bo‘lishini ta’minlash zarurligini aytdi.

Indoneziya bilan munosabatlar haqida gapirar ekan, Prezident ikki xalqni azaldan tarixiy, diniy va madaniy aloqalar bog‘lab turganini ta’kidladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 60 foizga oshgani aytildi. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, dekabr oyida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat rahbari Latviya bilan munosabatlarni muhokama qilish chog‘ida siyosiy va iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotgani, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashganini bildirdi. Migratsiya sohasida kelishuv imzolanishi, aviaqatnovlar ko‘payishi va iqtisodiy hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalanish ikki mamlakat xalqlari yanada yaqinlashishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Fransiya haqida so‘z yuritilar ekan, faol siyosiy muloqot tufayli mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Prezident matbuot xizmati Rossiyani O‘zbekistonning uzoq yillik strategik hamkori va ittifoqchisi, deya yozdi. Und aytilishicha, o‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi 12 milliard dollarga yaqinlashgan. O‘zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokida 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Yil boshidan buyon 4 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Rossiyaning 15 ta oliy ta’lim muassasasining filiallari faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, uchrashuvda Yaponiya bilan strategik sheriklikni kengaytirish – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani urg‘ulandi. Telekommunikatsiya, energetika, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, ta’lim va turizm sohalarida 8 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Dekabr oyida Tokioda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralar va ishbilarmon doiralarning muloqotlari ikki tomonlama hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.

Tojikiston elchisi bilan bo‘lgan suhbatda umumiy siyosiy iroda tufayli so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgani aytildi. Chegara masalalari to‘liq tartibga solindi va transport aloqalari tiklandi. Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlik kuchaydi.

O‘zaro savdo 5 barobardan ziyodga oshib, 1 milliard dollarga yaqinlashdi. “Oybek-Fotexobod” erkin chegaraoldi savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazining tashkil etilishi tovar ayirboshlashni karrasiga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Sanoat, transport, geologiya, energetika, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi, turizm, ta’lim va madaniyat sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun salohiyat borligi qayd etildi.

Marosim yakunida davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi, hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi, hududlar va xususiy sektor vakillari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Aleksey Erxov Paraskevi Seveleki Siti Ruhayni Juxayatin Valid Fuk Girts Yaunzems Kendzi Xirata Nasriddin Ismatullo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing