Messi JCHdan keyin jamoadoshlariga maxsus sovg‘a berdi
Sport
−
12:27 1510 2 daqiqa
2026 yilgi Jahon chempionatining finalidagi mag‘lubiyatga qaramay, Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi jamoadoshlari va murabbiylar shtabiga maxsus sovg‘a berdi. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, terma jamoa himoyachisi Markos Senesining sevgilisi Kelsi-Rouz Bauers Messining jamoadoshlariga bergan sovg‘asi haqida ma’lumot bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 39 yoshli futbol yulduzi jamoaning har bir a’zosi uchun Argentina madaniyatining ajralmas qismi sanalgan mate choyini tayyorlashga mo‘ljallangan uchun maxsus to‘plam hozirlatgan.
Kelsi-Rouz Bauers ijtimoiy tarmoqlarda ushbu sovg‘aning suratlarini e’lon qilib, uni xavfsiz tarzda Mayamiga yetkazish vazifasi o‘ziga yuklanganini ma’lum qildi.
Sovg‘a to‘plamiga Argentina gerbi tushirilgan, karamel rangli charm sumka, Jahon chempionati logotipi, och havorang bezaklar va har bir futbolchining nomi o‘yib yozilgan shaxsiy dizayn kiritilgan.
Shuningdek, to‘plamdan Lionel Messining shaxsiy logotipi tushirilgan oltin qoplamali Stanley termosi, an’anaviy mate kosachasi, bombilya (maxsus filtrli naycha) hamda mate choyini damlash uchun zarur barcha anjomlar o‘rin olgan.
Argentinada mate shunchaki ichimlik emas, balki do‘stlik, hamjihatlik va milliy qadriyatlar ramzi hisoblanadi. Shu bois futbolchilar uni mashg‘ulotlar, yig‘inlar va kiyinish xonalariga doimiy ravishda olib yurishadi.
Nashrning ta’kidlashicha, Messining ushbu g‘oyasi bosh murabbiy Lionel Skaloni boshchiligidagi jamoaning ko‘p yillik birligi va madaniyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Messi 2022 yil Qatardagi Jahon chempionatidagi g‘alabadan keyin ham jamoadoshlari va klub xodimlari uchun 35 ta oltin qoplamali iPhone sotib olib, 200 ming dollardan ortiq mablag‘ sarflagan edi. 2026 yilgi Jahon chempionatining finalida Argentina terma jamoasi Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, chempionlik unvonini himoya qila olmadi.
Live
Barchasi