Messi Ispaniya klubini sotib oldi

Sport

image

Sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi Lionel Messi Ispaniyaning ikkinchi divizonida ishtirok etayotgan “Eldense” klubini sotib olish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. Bu haqda “Marca” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, argentinalik futbolchi klubning amaldagi egalari bilan kelishuvga erishgan va uchinchi tomonlar ishtirokisiz “Eldense” aksiyalarining 100 foizini sotib olishi kutilmoqda. Biroq bitimni rasmiylashtirish uchun huquqiy va shartnomaviy jarayonlar, jumladan, moliyaviy tekshiruvdan o‘tish talab etiladi. Shuningdek, kelishuv Ispaniya Oliy sport kengashi (CSD) tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Messi 2026 yilda Ispaniya futbolidagi ikkinchi klubini sotib olishi mumkin. Joriy yilning aprel oyida uning Kataloniyada joylashgan “Kornelya” klubini xarid qilgani ma’lum bo‘lgan edi. “Eldense” esa Alikante viloyatining Elda shahrida joylashgan. 

“Marca”ning qayd etishicha, Messi faol futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin Kataloniya yaqinida yashashni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, 39 yoshli Messi 2023 yildan buyon “Inter Mayami” safida to‘p tepmoqda. U Yevropadagi faoliyati davomida “Barselona” va “Pari Sen-Jermen” klublarida o‘ynagan. Argentinalik futbolchi “Barselona” bilan Chempionlar ligasida to‘rt marta, UEFA Superkubogida uch marta va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida uch marta g‘olib chiqqan.

Messi Argentina terma jamoasi bilan 2022 yilgi Jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan, shuningdek, 2014 va 2026 yilgi mundiallarda finalga chiqqan. U 2008 yil Olimpiada chempioni va 2021 hamda 2024 yilgi Amerika kubogi g‘olibi hisoblanadi.

Argentinalik futbolchi milliy terma jamoa safida 207 ta uchrashuv o‘tkazib, 125 ta gol urgan. U har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha Argentina terma jamoasi rekordini o‘rnatgan. Messi 2026 yilgi Jahon chempionatidan so‘ng terma jamoadagi faoliyatini yakunlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing