Makron hamda Shols NATO nomidan Rossiya va Ukrainaga “elchi” bo‘lib kelmoqda

Olam

image

Kelasi haftada Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Gremaniyaning yangi saylangan Kansleri Olaf Shols Rossiya-Ukraina mojarosi fonida muzokaralar o‘tkazish uchun Moskva va Kiyevga kelmoqda. 

“Al-Jazeera” nashrining ma’lum qilishicha, Fransiya Prezidenti rasmiy tashrif bilan 7 fevral kuni Moskvada, 8 fevral kuni esa Kiyevda bo‘ladi. 

Germaniya Kansleri Sholsning esa Moskvaga 14, Kiyevga 15 fevral kunlari kelishi belgilangan. 

Davlat rahbarlarining tashrifiga sabab qilib, kecha, 4 fevral kuni Rossiya va Xitoy rahbarlarining NATO va AQSH xatti-harakatlariga qarshi birlashishga kelishib olgani ko‘rsatilmoqda. 

Rossiya hujumidan xavfsiragan Fransiya bir tomondan NATOga a’zo davlat sifatida Ruminiyaga qo‘shin kiritayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan G‘arb va Rossiyani murosaga keltirishda vositachilik qilmoqchi.  

Prezident Makron ma’muriyatining ma’lum qilishicha, 7 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan yuzma-yuz ushrashuvga qadar Rossiya va Fransiya rahbarlari o‘rtasida bir necha bor telefon orqali o‘zaro muloqot bo‘lib o‘tgan. 

Bildirilishicha, uchrashuv mobaynida Makron Putin bilan AQSHning emas, faqat Yevropaning manfaatlarini himoya qiluvchi masalalarni muhokama qiladi. 

NATOga a’zo Yevropadagi yana bir davlat Germaniya, alyansning qolgan a’zolaridan farqli o‘laroq, mojarolar boshlanganidan buyon neytrallik yo‘lini tutib, Ukrainaga qurol-yarog‘ va harbiylarni yuborishdan o‘zini tiymoqda. 

Buning o‘rniga u, urush boshlangan taqdirda, Kiyevga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kerak bo‘ladigan dori-darmon va 5 000 ta askarlar bosh kiyimi (shlem) yuborishi haqida ma’lum qilgan.  

Putin bilan bo‘ladigan uchrashuvdan avval Shols 7 fevral kuni Vashingtonda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashishi rejalashtirilgan. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 5 fevral kuni Rossiya agressiyasiga qarshi oldindan ko‘rilgan chora sifatida AQSH Polshaga rasman o‘z qo‘shinlarini kiritdi.

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi. 

Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan. 

Boshqa tomondan, Rossiya Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

235

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing