Ko‘zi ojizlar uchun o‘rnatilgan Brayl alifbosi oyna bilan yopib qo‘yildi (video)
3-sahifa
−
15 may 7523 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida joylashgan Shayx Jalil bobo maqbarasiga o‘rnatilgan ko‘zi ojizlarga mo‘ljallangan Brayl alifbosida bitilgan lavhaning usti oyna bilan yopib qo‘yilgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Madaniy meros agentligi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, tasvirlardagi ma’lumotlar bo‘yicha agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. Agentlikning yozishicha, yodgorlikka o‘rnatilgan Brayl alifbosidagi ma’lumotlar yomg‘ir suvi va ertalabgi namgarchilikdan asrash maqsadida vaqtincha himoyalab qo‘yilgan. Uning himoya oynasi olib tashlangan va namgarchilikdan himoyalangan hududga o‘rnatilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining I ilovasi 9-bandida “madaniy meros ob’ektlarida pandus, plintus va liftlar hamda ko‘zi ojizlar uchun madaniy meros ob’ektlarining kichraytirilgan o‘lchamdagi maketlarini o‘rnatish va ular to‘g‘risida Brayl alifbosidagi ma’lumotlarni joylashtirish” topshirig‘i belgilangan.
Shayx Jalil bobo obidasi 2004 yilda qayta qurilgan bo‘lib, hozirda mahalliy va xorijiy sayyohlar tomonidan tashrif buyuriladigan turizm ob’ekti hisoblanadi. Bugungi kunda Shayx Jalil bobo maqbarasi arxitektura yodgorligi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filialiga bepul foydalanish shartnomasi asosida ijaraga berilgan.
Live
Barchasi