“Kusto hayratda!” Dunyoni lol qoldirgan ixtirolar

Texnologiya

image

Dunyo global o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bu yo‘lda odamlarga texnologiyalar hamroh bo‘lyapti. Insoniyat o‘zining cheklanmagan ehtiyojlarini qondirish yo‘lida yangidan-yangi texnologik kashfiyotlarga qo‘l urmoqda. Oxirlayotgan 2021 yilda ham o‘ziga xos, ko‘pchilikni hayratlantiradigan ixtirolar qilindi. QALAMPIR.UZ e’tiboringizga “Yil ixtirolari”ni havola etadi.

Haydovchisiz poyezd

11 oktyabr kuni Germaniyaning Deutsche Bahn temir yo‘l operatori va Siemens kompaniyasi dunyodagi birinchi haydovchisiz poyezdni ishga tushirdi. Poyezd an’anaviy poyezdlarga qaraganda energiyani kamroq sarflaydi va 30 foizgacha ko‘proq yo‘lovchi tashiydi. Mazkur poyezd haydovchisiz ham to‘g‘ri harakatlanadi, ammo sayyohlarning xavfsizligi va sayohatlarni nazorat qilish uchun haydovchi bo‘ladi.

Uchar odam

Niderlandiya armiyasida “uchar odam” paydo bo‘ldi. Niderlandiya Harbiy dengiz kuchlari bir kemadan boshqasiga tezlik bilan o‘tishda yordam beradigan uchishga mo‘ljallangan reaktiv kostyumni sinovdan o‘tkazishni boshladi. Dengiz piyodalari hozircha bu kabi kostyumlardan foydalanish qanchalik samarali bo‘lishini tekshirib ko‘rmoqda. Dastlabki sinov natijalariga ko‘ra, u tijorat kemalarini tekshirishda qo‘l kelishi ma’lum bo‘lgan. Harbiylar hozirda bu kabi qurilmadan harbiy harakatlarda qanday foydalanish mumkinligini va bu qanchalik foyda berishini o‘ylamoqda – bunga xalal berishi mumkin bo‘lgan ayrim sabablar mavjud. Reaktiv kostyum u qadar uzoq bo‘lmagan masofaga tez harakatlanish imkonini beradi – u soatiga 80 kilometr tezlikda ucha oladi, biroq yoqilg‘i zaxirasi maksimum 8 daqiqaga yetadi.

OIVni yo‘q qiladigan vaksina

Yaponiyalik olimlar OIVni yo‘q qiladigan vaksina yaratdi. Bir guruh yaponiyalik tadqiqotchilar maymunlarning organizmidagi OIV (orttirilgan immunodefitsit virusi)ni yo‘q qiladigan vaksina yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Yaponiya Milliy biotibbiyot innovatsiyalari, salomatlik va ovqatlanish instituti tadqiqotchilari yangi vaksina bilan emlangan yapon makakalarining organizmiga OIVni yuborgan. Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, yettita maymundan to‘rttasi kasallangan, biroq keyinchalik kasal maymunlarning organizmida virus g‘oyib bo‘lgan. Olimlarning fikricha, ushbu hayvonlarda vaksina bilan qo‘zg‘atilgan immunitet reaksiyasi OIVning yo‘qolishiga olib kelgan. Tadqiqotchilar taxminan besh yil ichida vaksinaning klinik sinovlarini odamlarda boshlashga umid qilmoqda.

Vazn yo‘qotish moslamasi

Yangi Zelandiyaning Otago universiteti va Buyuk Britaniyaning tadqiqotchilari dunyo bo‘yicha birinchi bo‘lib semirish epidemiyasiga qarshi kurashishda yordam beradigan vazn yo‘qotish vositasini ishlab chiqdi. Ushbu ixtiro insonning yuqori va pastki tishlarga o‘rnatiladigan va sog‘likka zarar keltirmaydigan qurilma bo‘lib, “DentaClim Diet Control” deb nomlangan. “DentaClim Diet Control” orqali tishlar qulflab qo‘yilgach, odamning og‘zi 2 millimetrgacha ochilishi mumkin, bu gapirish va nafas olish imkonini beradi, lekin ovqat yeyishga imkon qoldirmaydi.  Otago sog‘liqni saqlash universiteti yetakchi tadqiqotchisi, vitse-kansler, professor Pol Bruntonning aytishicha, uskuna semirish bilan kurashayotgan odamlar uchun samarali, xavfsiz va arzon narxdagi vosita hisoblanadi.

Ekrani siljiydigan lazerli televizor

Hisense kompaniyasi ekrani siljiydigan dunyodagi birinchi lazerli televizorni taqdim etdi. Siljiydigan ekranga ega Hisense’ning yangi televizoriga 77 dyuymli panel o‘rnatilgan. U 4K HDR sifatni qo‘llab-quvvatlaydi, lazerli texnologiyasi esa 107 foizligi BT.2020 ranglar gammasini va 350 nitli maksimal yorqinlikni ta’minlaydi. Dizayniga e’tibor beradigan bo‘lsak, ekran yon tomonida hech qanday ramka yo‘q, ammo past va tepa qismlarida bor. Pastki qismidagisi ancha qalinroq. Yangi modelga Transvision vizual protsessori va sifatli ovozni ta’minlovchi Harmon/Kardon dinamiklari o‘rnatilgan. Hozircha Hisense’ning harakatlanuvchi lazerli televizorini “JD.com” sayti orqali bronlash mumkin. Kompaniya uning narxi va taqdim etilish sanasiga oydinlik kiritmagan.

Fonarli soyabon

Xiaomi fonarga ega, bitta tugmani bosish orqali qayta yig‘iladigan, yomg‘ir va quyoshdan himoyalovchi soyabonni ixtiro qildi. Soyabonni Xiaomi tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Urevo kompaniyasi ishlab chiqardi. Bir soniyada ochiladigan qurilma 11 dollar evaziga sotuvga chiqishi kutilmoqda. Fonar 10 metrgacha uzoqlikni yoritishga qodir uchta yorug‘lik diod bilan jihozlangan. Soyabon tutqichiga o‘rnatilgan fonarning og‘ish burchagini osonlikcha boshqarish mumkin – shu orqali ham ketayotgan yo‘lni yoritsa, ham yomg‘irdan himoyalansa bo‘ladi. Soyabonni ochish va yopish bitta tugmani bosish orqali amalga oshiriladi. Yig‘ilgan holatda soyabon tutqichiga suv oqmaydi, foydalanuvchi soyabonda qolgan suvlarni uni burib, to‘kib tashlashi mumkin.

Uchinchi ko‘z o‘ylab topildi

Janubiy koreyalik dizayner gadjetlarga bog‘lanib qolgan insonlar uchun “uchinchi ko‘z”ni o‘ylab topdi. Qurilma yordamida atrofga qaramasdan ham bemalol yo‘lni kesib o‘tish mumkin. Mazkur mahsulot Seulda allaqachon sinovdan o‘tgan. “Uchinchi ko‘z” koreyalik dizayner Min Vuk Peng tomonidan ixtiro qilingan. Asosan, qurilma yurish vaqtida begona narsalarga urilmaslikka yordam beradi. Qurilma xuddi faraga o‘xshaydi, lekin unga kamera o‘rnatilgan. Bunday uskuna yordamida telefondan ko‘z uzmasdan bemalol yurish mumkin, chunki xavf tug‘ilganda “uchinchi ko‘z” baland ovoz bilan ogohlantiradi. Kamerada o‘z egasi va atrofdagi narsalar orasidagi masofani taxmin qilishga qodir bo‘lgan sensor mavjud. 

Ushbu mahsulotni tatbiq qilish uchun olti hafta vaqt ketdi va Peng allaqachon Janubiy Koreya poytaxtida ushbu moslamani sinovdan o‘tkazdi. Endilikda telefonni umuman tark etish shart emas. To‘g‘ri, dizayner mahsulotlardan bu tarzda foydalanishni istamaydi. Ehtimol, u smartfonlari bilan ovora bo‘lgan insonlarga jonli muloqotning muhimligini eslatib turish uchun ham “uchinchi ko‘z”ni o‘ylab topgandir.

“Fikrlarni o‘qishga” qodir quloqchin

Neurable neyrotexnologik kompaniyasi foydalanuvchining diqqati pasayganda shovqin so‘ndirish funksiyasini kuchaytirish yoki mustaqil tanaffus qilish imkoniyatiga ega quloqchinni taqdim etdi. Enten nomini olgan quloqchin ispanchadan “tushunmoq” deya tarjima qilinadi. Qurilma oddiy quloqchin ko‘rinishida bo‘lib, unga foydalanuvchi miyasidagi neyronlarning elektr signallarini kuzatuvchi datchiklar o‘rnatilgan. U dasturiy ta’minot algoritmlaridan foydalanadigan dastur yordamida ishlab, konsentratsiya vaqtida yoki chalg‘igandagi miya to‘lqinlarini taniy oladi. Ishlash prinsipi mobil EKGniki kabi. Agar tahlil vaqtida tizim foydalanuvchi tang holatdaligini aniqlasa, qurilma tinchlantiruvchi oq shovqinni yoqadi yoki hatto, tanaffus qilishni tavsiya etadi.

Boshqaruvchisiz suv taksisi

Niderlandiya poytaxti Amsterdamdagi kanallar bo‘ylab boshqaruvchisiz suv taksisi Roboat III xizmati yo‘lga qo‘yildi. ZDNet nashrining xabar berishicha, boshqaruvchisiz suzish moslamasi 5 nafargacha yo‘lovchini yoki 1500 kg yuk tashiy oladi. Qayiq-taksi AQSHning Massachusets texnologik instituti va Amsterdam ilg‘or shahar yechimlari instituti xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan.

Suratga olish va telefonda gaplashish imkonini beradigan “aqlli” ko‘zoynak

Facebook va Ray-Ban“aqlli” ko‘zoynaklar yaratdi. U suratga olish va telefonda gaplashish imkonini beradi. Ray-Ban Stories ko‘zoynaklari Snapdragon protsessori, linzalarning yoniga o‘rnatilgan ikkita 5 Mp o‘lchamli kameralar, shuningdek, foto va video tugmachalari bilan jihozlangan. Bundan tashqari, mikrofon hamda ovozni chiqarib eshitish moslamasining borligi gadjet bilan bog‘langan smartfon orqali musiqa va qo‘ng‘iroqlarni tinglash imkonini beradi. 

Videoga olish vaqtida atrofdagilarni yozib olinayotganidan ogohlantiruvchi yonadigan indikator o‘rnatilgan. Ma’lum qilinishicha, o‘rnatilgan xotira 30 soniya davom etadigan 30 ta videorolik yoki 500 ta fotoni saqlashga yetadi. Shuningdek, ularni telefonga saqlab qo‘ysa ham bo‘ladi.  

Ray-Ban Stories Facebook Assistant’ning ovozli buyruyg‘i asosida ishlaydi. Shuningdek, ko‘zoynak Facebook, Instagram, Twitter va WhatsApp’ga rasm va videolarni yuborish mumkin bo‘lgan yangi Facebook View ilovasiga ham ulanadi. 1 soat to‘liq quvvatlangan gadjetdan 6 soat davomida foydalansa bo‘ladi. G‘ilof ichiga kiruvchi akkumlyator ko‘zoynakni uch marta quvvatlash imkonini beradi. AQSH, Kanada, Italiya, Avstraliya va Irlandiyada ko‘zoynakning boshlang‘ich narxi 299 dollar bo‘ldi. Qo‘shimcha qilinishicha, ko‘zoynak linzasi, gardishi va rangi turli bo‘lgan 20 xil variantda taqdim qilingan.

Uchar taksi

NASA uchar taksini sinovdan o‘tkazishni boshladi. Uchar apparat eVTOL nomiga ega bo‘lgan. Ushbu samolyotlar kelajakda insonlar va tovarlarni tashishga xizmat qiladigan istiqbolli transport vositasiga aylanishi mumkin. NASA`ning maqsadi transport vositasining texnik tavsifiga oid ma’lumotlarni kelajakda havo makonida foydalanish mumkin bo‘lgan konsepsiyalarni modellashtirish uchun yig‘ishdan iborat. Sinov jarayonlari Fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasining amaldagi qoidalari siyosatidagi mavjud kamchiliklarni aniqlashga yordam beradi. Bu esa keyinchalik taksi-samolyotni havo makonining milliy tizimiga joriy etishga xizmat qiladi.

Tanani sovitishga qodir mato

Xitoyning Xuachjun fan va texnologiya universiteti mutaxassislar tanani sovitishga qodir matoni yaratdi. Mato asosini poliaktil kislota, titan va teflon oksidi tolasi tashkil etadi. Ular yordamida mato ultrabinafsha va infraziqil nurlanishlarni qaytara oladi. Shu bilan birga, tana issiqlikning so‘rilishi hisobiga soviydi. Olimlar bir nechta sinovlarni o‘tkazgan. Ko‘ngillilardan biri yarmi ushbu metamato, qolgan yarmi esa paxtadan tikilgan kiyimda bir soat quyoshda turgan. Metamato ostidagi teri harorati Selsiy bo‘yicha 31 dan 32 darajaga, paxta ostidagi esa 37 darajagacha ko‘tarilgan. Shuningdek, olimlar mashinalar ishtirokida ham tajriba o‘tkazgan.  Metamatodan ishlangan jild bilan qoplangan avtomobil saloni qolganlaridan ancha kam qizigan. Ixtirochilarning qo‘shimcha qilishicha, ularning loyihasiga hozirda kiyim-kechak ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ayrim korxonalar qiziqish bildirgan. Ayni vaqtda ixtirochilar ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar olib bormoqda va sovitadigan futbolkalari hamda avtomobil jildlari bir yildan so‘ng do‘konlarda paydo bo‘lishiga umid qilmoqda.

Elektron ko‘zoynak

Quyoshdan himoyalovchi elektron ko‘zoynak yaratildi. U bitta harakat bilan kitob o‘qishga mo‘ljallangan ko‘zoynakka aylana oladi. KickStarter saytida 32°N nomli ko‘zoynaklarni yaratish uchun yo‘lga qo‘yilgan mablag‘ yig‘ish jarayonlari yakunlanmoqda. Ixtirochilar o‘z mahsulotini “bir urinishda o‘qish uchun mo‘ljallangan ko‘zoynakka aylanuvchi quyoshdan himoyalaydigan ko‘zoynak” deya ta’riflamoqda. Ko‘zoynaklar siri – optik kuchni qo‘yilgan kuchlanish ta’sirida o‘zgartira oladigan faol soha mavjudligida. Boshqaruv “dujka”dagi sensor bo‘ylab sirpanish orqali amalga oshiriladi. O‘zgarish diapazoni – +2 dioptriygacha. Mobil dastur orqali linzalar yonganda, qabul qiladigan aniq bir qiymatni sozlash mumkin. Kattartirishni o‘chirish uchun, “dujka” bo‘ylab qarama-qarshi yo‘nalishga siljitish kifoya.

25 yil qurilgan eng qudratli teleskop kosmosga chiqarildi

AQSHning Milliy aeronavtika va koinot agentligining (NASA) Jeyms Uebb kosmik teleskopi joriy yilning 25 dekabr’ kuni soat 7:21 da (Toshkent vaqti bilan 17:21) Fransiya Gvianasidagi Yevropa koinot portida Ariane-5 raketasida uchirildi. 

Uning orbitaga parvozi yarim soatdan ozroq davom etdi va muvaffaqiyatli natijani tasdiqlovchi signal Keniyaning Malindi shahridagi yer antennasi tomonidan qabul qilindi. Jeyms Uebb teleskopi Apollon me’morlaridan birining nomi bilan atalgan.

So‘nggi 25 yil davomida butun dunyo bo‘ylab minglab odamlar ushbu loyiha ustida ishladi. Jeyms Uebbning ishga tushirilishi kelgusi olti oy ichida bo‘lib o‘tadigan murakkab voqealar seriyasining boshlanishidir.

Robotlar

Insonlarni massaj qilishga robot – Singapurdagi AiTreat startapi insonlarni massaj qilishga qodir sun’iy intellektga ega EMMA robotini ixtiro qildi. Robot an’anaviy xitoy tibbiyoti tizimi bo‘yicha massaj qilishga qodir. U mushaklarning qattiqligini o‘lchaydigan uch o‘lchovli ko‘rish sensori yordamida ishlaydi. Qurilmaning “qo‘llari” 38-40 darajada qiziydi va xuddi inson qo‘llari kabi yumshoq. Ayni vaqtda shahar shifoxonalarida shu kabi jami 11 ta robot ishlamoqda.

Manikyur qilishga qodir robot – San-Franciskoda manikyur qilishga qodir robot paydo bo‘ldi. Robotni yaratish ustida ish olib borgan Clockwork kompaniyasining ma’lum qilishicha, qurilma tirnoqlarni o‘n daqiqa ichida bo‘yashga qodir. Xizmat narxi – sakkiz dollar. Ayni vaqtda ushbu robot tirnoqlarni kaltalamaydi va ularga shakl bermaydi, biroq mazkur funksiyalar ham tez orada paydo bo‘lishi mumkin.

В США появился пyerвый в мире robot для manikyurа

Stomatolog-robot – Xitoyda bemorlarga tish qo‘yishga qodir stomatolog-robot yaratildi. Mutaxassislarning aytishicha, robot tish shifokorining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Shuning uchun shifokorning o‘zi tekshiruv o‘tkazishi, bemorga maslahat berishi va tishlarni almashtirish uchun qurilmada dasturni o‘rnatishi kerak. Gadjet hozircha barcha tekshiruvlardan o‘tgan va insonlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat ko‘rsatmoqda.

Киtaйский robot-stomatolog всtaвляет зuбы

Boshi planshetli robot – Amazon kompaniyasi kamera va planshet o‘rnatilgan g‘ildirakli mitti robotni omma e’tiboriga taqdim qildi. Robot Astro deb nomlangan. U uy ichida soniyasiga 1 metr tezlikda harakatlanishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, robotning zinalardan tushib ketishi yoki boshqa xavfli harakatlardan himoyalanishiga yordam beradigan datchiklari mavjud. Planshet ekranidagi ko‘z tasvirlari esa unga “jonli” effekt berishi kerak. Mazkur gadjetning narxi 1499,99 dollarni tashkil etadi, maxsus dasturga kiradigan ayrim mijozlar uchun esa u 1000 dollardan sotiladi. Astro uyda hech kim bo‘lmaganida uyni qo‘riqlashi va noma’lum inson uyga kirganida xo‘jayinini ogohlantirishi mumkin. Shuningdek, robot tutun signalizatsiyasi yoki oynaning sinishi kabi tovushlarni tanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, robotdan yordamga muhtoj insonlar, masalan, keksalarni parvarishlashda foydalansa bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

228

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing