Ko‘chmas mulk va avtomototransport boshqa shaxsga o‘tkazish uchun davlat boji kamaytirildi
Jamiyat
−
07 dekabr 2022 6354 2 daqiqa
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu munosabat bilan ko‘chmas mulk, avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdorlari kamaytirildi. Bu haqdqa Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun:
• agar ko‘chmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida joylashgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari (ilgari ko‘chmas mol-mulkning umumiy maydoniga qarab BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha);
• agar ko‘chmas mol-mulk boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa, BHMning 50 foizi (ilgari ko‘chmas mol-mulkning umumiy maydoniga qarab BHMning 50 foizidan 1,5 baravarigacha).
Mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartishlar kiritganlik uchun:
• mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa-singillariga – BHMning 10 foizi (ilgari BHMning 25 foizi);
• jismoniy shaxslar uchun – BHMning 25 foizi (ilgari BHMning 50 foizi);
• yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa – BHMning 50 foizi (ilgari BHMning 1 baravari).
• mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHMning 25 foizi (ilgari BHMning 50 foizi).
Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:
• jismoniy shaxslar uchun – BHMning 1 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 1 baravaridan 2 baravarigacha);
• yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa – BHMning 2 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 2 baravaridan 4 baravarigacha).
• qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHMning 25 foizi (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 25 foizidan 1 baravarigacha).
Avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi:
• avtomototransport vositalari uchun – BHMning 3 baravari (ilgari transport vositasi dvigatelining quvvati, ya’ni ot kuchiga va ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 2 baravaridan 10 baravarigacha);
• bitta mototransport, motoaravacha, motoqayiq uchun – BHMning 25 foizi (ilgari ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 10 foizidan 50 foizigacha).
Avtomototransport vositalarini boshqarishga va tasarruf qilishga oid ishonchnomalarni, shuningdek avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:
• mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa- singillariga, jiyanlariga – BHMning 50 foizi;
• boshqa shaxslarga – BHMning 2 baravari (ilgari BHMning 3 baravari).
• Qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summalarini undirish to‘g‘risidagi ijro varaqalarini berganlik uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi.
Live
Barchasi