Kriket: O‘zbekiston va Pokiston hamkorlik memorandumi imzoladi
Sport
−
23 Sentabr 2021 2638 2 daqiqa
Joriy yilning 21 sentyabr kuni O‘zbekiston kriket federatsiyasi va Pokiston kriket kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Laxorda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev va Pokiston kriket kengashi raisi Ramiz Roja o‘rtasida O‘zbekistonda kriketni intellektual rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum imzonladi. Unga muvofiq, endilikda Pokiston kriket kengashi tomonidan ushbu sport turi bo‘yicha O‘zbekistonda o‘quv-ta’lim ishlari amalga oshiriladi. Bunda asosan murabbiylar va kriketchilarning mahoratlarini oshirishi uchun o‘quv-mashg‘ulotlar olib boriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston kriket federatsiyasi va Pokiston kriket kengashi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilingan va har ikki tashkilot o‘rtasida o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasida ham kelishuvga erishilgan.
Maxsus dasturga muvofiq, Pokiston kriket kengashi tomonidan O‘zbekistonga pokistonlik mutaxassislar yuboriladi va ular tomonidan bosqichma-bosqich hakamlik va murabbiylik kurslari, turli darajadagi amaliy va nazariy o‘quv-yig‘inlar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, Pokistonning Laxor shahridagi Kriket milliy mahorat markazida turli yoshdagi jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgandi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ikki davlat o‘rtasida do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, kriket sportini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilingan edi.
Live
Barchasi