Kreml Zelenskiy taklif qilgan Pasxa sulhini rad etdi
Olam
−
31 mart 4078 2 daqiqa
Avvalroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Pasxa bayrami kunlarida o‘t ochishni to‘xtatishga va energetika sohasida sulh tuzishga tayyor ekanini aytgan edi. Biroq Rossiya Vladimir Zelenskiyning so‘zlarida Pasxa bayrami uchun o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha aniq shakllantirilgan taklifni ko‘rmagan. Bu haqda bugun, 31 mart kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Kiyev rejimiga har qanday sulh suv va havodek zarurligi ko‘rinib turibdi, chunki frontlardagi dinamika... Rossiya qo‘shinlari – qayerdadir tezroq, qayerdadir sekinroq bo‘lsa-da, butun front chizig‘i bo‘ylab oldinga siljiyotganidan dalolat bermoqda”, deydi Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy “mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi” va “vaqtinchalik sulhga emas, balki tinchlikka erishish uchun” qaror qabul qilishi kerak.
“Keyinchalik bu qarorni yanada qimmatroq badal evaziga qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Bu haqda, jumladan, Prezidentimiz ham bir necha bor ta’kidlagan”, deydi Peskov.
Bungacha Zelenskiy Erondagi urush tufayli yuzaga kelgan jahon energetika inqirozi fonida Kiyevning “sheriklari” Rossiya neft ob’ektlariga zarbalar sonini kamaytirishni so‘raganini ma’lum qilgan edi. Bunga javoban Ukraina Prezidenti Pasxa davrida sulh e’lon qilishni taklif qilgan.
Shu bilan birga, Zelenskiy “hayotni qadrlaydigan normal odamlar o‘t ochishni bir necha kunga emas, balki butun umrga to‘xtatish haqida gapirishini” ta’kidlagan.
“Ammo biz, shubhasiz, sha’nimiz va suverenitetimizga daxl qilmaydigan har qanday murosaga tayyormiz”, deydi Ukraina Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi energetika sulhi shu yilning 25 yanvaridan 1 fevraligacha amal qilgan edi. U AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, sulh yakunida Tramp Vladimir Putin “so‘zida turgani” va qattiq sovuq davrida Ukraina energetikasiga zarba bermaganini aytgandi.
2025 yilda Rossiya Kiyev bilan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi va Pasxa bayrami munosabati bilan bir tomonlama sulh e’lon qilgan edi. Biroq o‘shanda amalda o‘t ochishni to‘xtatish yuz bermagan.